Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Bosh prokuratura Toshkent shahrining Bobur ko‘chasida joylashgan 7-uyni madaniy meros obyekti sifatida himoya qilish bo‘yicha Madaniy meros agentligi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi. Avvalroq agentlik Bosh prokuraturaga Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 2018-yil 30-oktabrdagi 1550-sonli qaroriga huquqiy baho berishni so‘rab murojaat qilgan edi.

Ushbu qaror bilan 1936-yilda qurilgan va hozirda Moddiy madaniy merosning milliy ro‘yxatiga kiritilgan uy joylashgan yer maydoni buzib tashlash va ko‘p qavatli turar joy binosi qurish uchun xususiy kompaniyaga ajratib berilgan edi. Bu qaror madaniy merosni asrash borasidagi qonunchilikka zid bo‘lib, jamoatchilikda katta norozilik uyg‘otgan edi.

“Qonunchilik buzilishlarini bartaraf etish maqsadida nazorat organi tomonidan tegishli hokim qarorini noqonuniy deb topish talabi bilan sudga da’vo arizasi kiritildi”, — deyiladi agentlik bayonotida. Madaniy meros agentligi mamlakatning madaniy va tarixiy merosini himoya qilish masalasida tezkor munosabat va prinsipial pozitsiyasi uchun prokuratura organlariga minnatdorlik bildirdi.

“Konstitutsiyamizning 61-moddasida fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini avaylab-asrashga majburdirlar, deb aniq belgilab qo‘yilgan. Qonun hamma uchun teng. Mamlakatning madaniy boyligini shaxsiy manfaatlar yo‘lida yo‘q qilishga bo‘lgan har qanday urinishlar tomonimizdan qat’iy va faqat qonunchilik doirasida bartaraf etiladi. Biz O‘zbekiston tarixini buzib tashlashga yo‘l qo‘ymaymiz”, — dedi agentlik rahbarining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimov.

Eslatib o‘tamiz, hokim qarori bino hali moddiy madaniy meros obyekti maqomiga ega bo‘lmagan vaqtda qabul qilingan. U 2007-yilning avgustida boshqa bir hokim — Abduqahhor To‘xtayev tomonidan milliy ro‘yxatdan chiqarilgan edi (o‘shanda ro‘yxatdan jami 303 ta bino chiqarib tashlangan). 2021-yil boshida Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi Abduqahhor To‘xtayevning qarorini haqiqiy emas deb topgan. Oradan ko‘p o‘tmay Vazirlar Mahkamasi 7-uyni yana milliy ro‘yxatga kiritgan.

Tarixiy va ekspertlik materiallariga ko‘ra, 7-uy Toshkentda faoliyat yuritgan atoqli arxitektor Aleksey Usev nomi bilan bog‘liq. Turli yillarda bu yerda akademiklar Toshmuhammad Qori Niyoziy va Vasiliy Shishkin, shuningdek, Rahim Otajonov va Natan Mallayev kabi mutaxassislar ham yashab o‘tgan. Ushbu uy nafaqat me’moriy yodgorlik, balki ko‘plab ilm-fan arboblarining xotirasini saqlovchi madaniy maskan sifatida alohida ahamiyatga ega.

Source: www.gazeta.uz