O‘zbekistonlik o‘rta tibbiyot xodimlari Globogate dasturi doirasida Germaniya klinikalarida ishlash uchun taklif etilmoqda. Loyiha doirasida 800 ta bo‘sh ish o‘rni ajratilgan. Bu haqda Migratsiya agentligining "Xorijda ish" Telegram kanalida xabar berildi.
Dastur ishtirokchilari Germaniyada ishlashdan oldin 10 oylik bepul nemis tili kurslarida tahsil oladi. Ularning o‘qishi davomida stipendiya, turar joy va B2 darajali til sertifikatini olish xarajatlari qoplanadi. Shuningdek, hujjatlarni tarjima qilish va Germaniyada tasdiqlatish, viza va aviachipta xarajatlari hamda aeroportdan ish joyigacha transfer dastur doirasida bepul amalga oshiriladi.
Nomzodlar 20−36 yoshda, uch yillik tibbiyot kolleji diplomiga ega, sudlanmagan va sog‘lom bo‘lishi, shuningdek, 10 oylik nemis tili kurslarida o‘qishga tayyor bo‘lishi kerak. Dasturga ikki bosqichli tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar qabul qilinadi.
Germaniyada ishlash vaqti haftasiga o‘rtacha 39 soatni tashkil etadi. Sinov muddati uch oy. Dastlabki maosh 1900 yevroni (2010 dollar), kasb tan olingandan keyin esa 2500 yevroni (2650 dollar) tashkil qilishi ko‘rsatilgan.
Dasturda ishtirok etish uchun 15-dekabrga qadar ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Qo‘shimcha ma’lumot uchun 1282 raqamiga murojaat qilish mumkin. Ro‘yxatdan o‘tish uchun havola.
Source: www.gazeta.uz