Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonlik moliyachi va Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimov xalqaro qidiruvga berildi. Uning "qizil bildirishnoma"si (Red Notice) Interpol saytida e’lon qilindi. Bu haqda Interpol rasmiy sayti xabar berdi.

Interpolning "qizil bildirishnomasi" (Red Notice) — bu shaxsni qidirish va ushlab turish bo‘yicha xalqaro so‘rovdir. Bunda bir mamlakat boshqa davlatlardan keyinchalik ekstraditsiya (topshirish) masalasini hal qilish uchun shaxsni topishni va vaqtincha ushlab turishni so‘raydi. E’lon qilingan kartochkaga ko‘ra, Qahramonjon Olimov 1977-yil 7-mayda Andijon viloyatida tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi hamda o‘zbek, rus va ingliz tillarini biladi. Bundan tashqari, u 1999-yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini "Moliya va kredit" mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan, keyinchalik Davlat boshqaruvi akademiyasi huzuridagi Oliy biznes maktabida MBA darajasini olgan.

Shu bilan birga, bildirishnomada ayblov moddasi, ish fabulasi yoki bildirishnoma qaysi davlatning so‘roviga ko‘ra e’lon qilingani ko‘rsatilmagan. Bu holat qidiruvning huquqiy asoslari haqida savollar tug‘diradi.

Avvalroq, 18-sentabr kuni The Insider nashri Olimovning atrofidagi manbaga tayanib, moliyachi O‘zbekistonda odam o‘g‘irlash bo‘yicha jinoyat ishi doirasida sirtdan hibsga olingani va xalqaro qidiruvga berilgani haqida xabar bergan edi. Nashr manbasining talqiniga ko‘ra, jinoyat ishi Olimovning sobiq ish beruvchisi Botir Rahimov ("Kapitalbank" asoschisi, Olimov ilgari u yerda ishlagan va 36 foizdan ortiq ulushga ega bo‘lgan) bilan bo‘lgan eski moliyaviy nizosi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Nashrning ta’kidlashicha, Olimov Rahimovni moliyaviy da’volardan voz kechishga majbur qilish maqsadida uning o‘g‘irlab ketilishini tashkil etganlikda ayblanmoqda. Bu ma’lumotlar hozirda O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan rasman tasdiqlanmagan.

Keyinchalik Anorbank tarqatilayotgan ma’lumotlar aksiyadorlardan birining shaxsiy ishlariga tegishli ekanini va bankning kapitali, boshqaruvi yoki operativ faoliyati bilan bog‘liq emasligini ma’lum qildi. Markaziy bank X platformasidagi xabarlarga izoh berar ekan, Anorbank odatiy rejimda ishlashda davom etayotganini ta’kidladi: "Omonatlar, kreditlar, to‘lovlar va boshqa xizmatlar bo‘yicha operatsiyalar uzilishlarsiz davom etmoqda. Alohida aksiyador bilan bog‘liq vaziyat bankning kundalik operativ faoliyati va moliyaviy barqarorligini bevosita belgilamaydi. Bank mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarmoqda va o‘z faoliyatining uzluksizligini ta’minlamoqda".

KTYADR (Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registri) ma’lumotlariga ko‘ra, Qahramonjon Olimov Anorbank Kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi va bank aksiyalarining 49,4 foiziga egalik qiladi. Yana 50 foizi Niderlandiyaning "Bekamin B.V." kompaniyasiga, 0,6 foizi esa "Kapital Sug‘urta" sug‘urta kompaniyasiga tegishli.

Source: www.gazeta.uz