O‘zbekistonda Yandex Go xizmati eshitish va gapirishda nogironligi bo‘lgan 700 nafar haydovchi bilan hamkorlik qilmoqda. Besh yil davomida ular 850 mingta qatnovni amalga oshirgan. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hozirda bunday haydovchilar oyiga o‘rtacha 35 mingta buyurtmani bajaradi, bu ikki yil oldingiga nisbatan ikki baravar ko‘pdir. Bu ko‘rsatkich inklyuziv xizmatlarga talab ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Yandex Go platformasi eshitishda nogironligi bo‘lgan haydovchilar uchun maxsus moslashtirilgan: telefon qo‘ng‘iroqlarisiz ulanish, ishora tilida o‘qitish, matnli muloqot va vibratsiyali bildirishnomalar joriy etilgan. Yangi buyurtma kelganda smartfon ekrani miltillaydi va qurilma vibratsiya beradi. Haydovchi va yo‘lovchi o‘rtasidagi matnli chat butun qatnov davomida faol bo‘ladi, ovozli qo‘ng‘iroqlar esa o‘chirilgan.
Avtomobillarda haydovchi va yo‘lovchi muloqotini osonlashtiruvchi maxsus g‘iloflar va kartochkalar joylashtirilgan. Kompaniya ta’kidlashicha, haydovchilarning eshitish xususiyatlari yo‘lovchilar bahosiga va qatnovlar xavfsizligiga salbiy ta’sir qilmaydi.
Eshitish va gapirishda nogironligi bo‘lgan haydovchilar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida yoki taksoparklar orqali hamkorlik qilishi mumkin. Kompaniya taksoparklar uchun bunday haydovchilar bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqqan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayevning ta’kidlashicha, inklyuziv muhitni rivojlantirish bevosita texnologiyalar bilan bog‘liq. “Platformaning eshitish va gapirishda nogironligi bo‘lgan insonlarning qabul qilish xususiyatlariga moslashtirilishi inklyuziyani bir martalik tashabbuslardan muntazam amaliyotga o‘tkazadi. Loyiha statistikasi bunday vositalarga talab yuqoriligini isbotlaydi, ular insonlarga o‘zlarini kasbda namoyon etishga yordam beradi va jamiyatda o‘zaro hurmat madaniyatini mustahkamlaydi”, — dedi u.
Yandex Uzbekistan vitse-prezidenti Sardor Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya nogironligi bo‘lgan shaxslarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun izchil imkoniyatlar yaratmoqda. “Biz nafaqat Yandex Taxi, balki boshqa xizmatlarni ham, masalan, Yandex Lavka’ni adaptatsiya qilmoqdamiz. Yaqinda ushbu xizmat eshitishida nogironligi bo‘lgan mutaxassislar uchun omborxonada bo‘sh ish o‘rinlarini ochdi. Bu ishlarni davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda hamda insonlarning o‘zlari tomonidan berilgan qayta aloqaga tayangan holda olib borayotganimiz juda muhim. Tajriba va resurslarni birlashtirish ushbu yechimlar mo‘ljallangan insonlarning real ehtiyojlariga javob beradigan tizimli yechimlar yaratish imkonini beradi”, — dedi u.
Source: www.gazeta.uz