Joriy yilning 25 sentabr kuni soat 05:05 da Sirdaryo viloyatida joylashgan, EDF kompaniyasiga tegishli yangi issiqlik elektr stansiyasida 1600 MVt hajmdagi quvvatning avariyaviy uzilishi yuz berdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur stansiya yaqinda qurilgan bo‘lib, hozirda unda ishga tushirish va sozlash ishlari olib borilmoqda. Avariya natijasida stansiya tarmoqdan uzilgan va bu respublikaning ayrim hududlarida elektr ta’minotining vaqtincha to‘xtashiga olib kelgan.
Avariyaviy uzilish oqibatida qarshi avariya avtomatikasi ishga tushgan. Bu esa respublikaning ayrim tumanlarida elektr energiyasi uzatilishining vaqtincha to‘xtatilishiga sabab bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, uzilishlar asosan qishloq xo‘jaligi suv nasoslari va maishiy iste’molchilarga ta’sir ko‘rsatgan.
Hozirda elektr ta’minotisiz qolgan barcha iste’molchilar tarmoqqa qayta ulangan. Elektr ta’minotini tiklash jarayonida energiya jamg‘arish tizimlari va elektr stansiyalarining zaxira quvvatlari safarbar etilgan, shundan so‘ng iste’molchilar bosqichma-bosqich tarmoqqa ulanib borilgan.
Qozog‘istonning elektr tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha KEGOC kompaniyasi ma’lum qilishicha, O‘zbekiston energetika tizimida generatsiya uzilishi tufayli Markaziy Osiyo energetika tizimi tomonidan quvvat o‘sishi (nabros) kuzatilgan. Bu esa Shimol-Janub tranzitining ajralishiga olib kelgan. Qozog‘iston energetika tizimida iste’molchilarni cheklash hajmi 962 MVt ni tashkil etgan. Hozirda barcha cheklovlar olib tashlangan.
Source: uznews.uz