Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston U-23 futbol terma jamoasi Osiyo o‘yinlarining yarim finaliga yo‘l oldi. Ravshan Haydarov shogirdlari chorak finalda Saudiya Arabistonini 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

Hisob 12-daqiqadayoq ochildi. Sardor Bahromov jarima zarbasini ijro etdi, darvozabon to‘pni qaytardi, biroq himoyachi Dilshod Murtazoyev qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelib, O‘zbekistonni oldinga olib chiqdi — 1:0.

Ikkinchi taymda O‘zbekiston jamoasi o‘z ustunligini yanada oshirdi. 79-daqiqada Azizbek To‘lqinbekov o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ygan bo‘lsa, 86-daqiqada Firdavs Abdurahmonov hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi — 3:0.

O‘zbekiston terma jamoasining mazkur uchrashuvdagi asosiy tarkibi quyidagi futbolchilardan iborat bo‘ldi: Samandar Muratbayev, Saidxon Hamidov, Dilshod Murtazoyev, G‘iyosjon Rizaqulov, Quvonchbek Xushvaqtov, Sardorbek Bahromov, Saidumarxon Saidnurullayev, Muhammadali O‘rinboyev, Asilbek Jumayev, Azizbek To‘lqinbekov va Ro‘ziboy Fayzullayev. Jamoa sardori vazifasini Muhammadali O‘rinboyev bajardi.

Yarim finalda O‘zbekiston terma jamoasi 26-sentabr oqshomida bo‘lib o‘tadigan Yaponiya — Shimoliy Koreya chorak final uchrashuvi g‘olibi bilan maydonga tushadi.

Eslatib o‘tamiz, guruh bosqichi yakunlariga ko‘ra, Ravshan Haydarov jamoasi 9:1 hisobida to‘qqiz ochko jamg‘arib, o‘z guruhida birinchi o‘rinni egalladi.

22-sentabr kuni guruhning so‘nggi o‘yinida O‘zbekiston Vetnamni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Muhammadali O‘rinboyev 5-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi golni 67-daqiqada Nurlan Ibraimov kiritdi.

Bungacha terma jamoa Filippinni 5:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, Quvaytni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Ikkinchi g‘alabadan so‘ng o‘zbekistonlik futbolchilar muddatidan oldin pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi bu galgi Osiyo o‘yinlaridagi to‘rtta o‘yinning barchasida g‘alaba qozondi.

Source: www.gazeta.uz