Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shavkat Mirziyoyev agrar sohada subsidiyalarni ajratish va sug‘urtalash tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Taqdimotda qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ko‘lami kengayib, subsidiyalarni ajratish jarayonlari bosqichma-bosqich raqamlashtirilayotgani qayd etildi. Xususan, 2026-yilda sohadagi subsidiyalar 29 ta yo‘nalish va 91 ta turga yetkazilgan. Bu maqsadlar uchun 2,7 trillion so‘m mablag‘ ko‘zda tutilgan. Qator yo‘nalishlarda arizalar proaktiv shakllantirilib, to‘lov muddatlari qisqartirilgan.

Taqdimotda kelgusi yildan “mablag‘ ajratish” modelidan “natijaviy subsidiya” modeliga bosqichma-bosqich o‘tish taklif qilindi. Yangi yondashuvda subsidiyalar shunchaki xarajatlarni qoplashga emas, balki aniq natijalarga bog‘lanadi. Bunda hosildorlik, suv va energiya tejamkorligi, sarflangan resurslar evaziga olingan mahsulot hajmi asosiy mezon bo‘ladi. Barcha ma’lumotlar tegishli davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlaridan inson omilisiz olinadi. Har bir subsidiya oluvchining elektron pasporti shakllantirilib, erishilgan natijalar onlayn kuzatib boriladi.

Yangi mexanizm dastlab suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishida sinovdan o‘tkaziladi. Subsidiya ajratilganidan keyin ikki-uch yil davomida suv sarfi, hosildorlik va suv unumdorligi baholanadi. Belgilangan ko‘rsatkichlar bajarilmagan taqdirda subsidiya mablag‘ini qaytarish mexanizmi qo‘llaniladi. Bu orqali davlat mablag‘larining manzilli va samarali sarflanishini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tizimini takomillashtirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Hozirda “Agrosafe” axborot tizimi orqali elektron ariza berishdan tortib, shartnoma va polisni rasmiylashtirish, monitoring, ekspertiza hamda tovon pulini to‘lashgacha bo‘lgan jarayonlar raqamlashtirilgan. Sug‘urta qamrovini kengaytirish doirasida bog‘ va uzumzorlardagi ko‘chatlar va daraxtlar, import qilingan chorva hamda tasodifiy hodisalar bilan bog‘liq xavflarni ham sug‘urtalash rejalashtirilgan. Shuningdek, chorvachilik, polizchilik, kartoshka va piyoz yetishtirish uchun yangi sug‘urta mahsulotlari joriy etiladi.

2027-yilda qishloq xo‘jaligi sohasida quyidagi ko‘rsatkichlarga erishish maqsad qilingan. Yangi yondashuvda zarar oqibatlarini qoplash bilan birga, xavflarning oldini olishga ham ustuvor ahamiyat berish taklif qilindi. Bunda sug‘urta mukofotining 3−5 foizini maxsus jamg‘armada shakllantirish ko‘zda tutilmoqda. Mablag‘lar quyidagi yo‘nalishlarga sarflanishi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev subsidiya va sug‘urta tizimlari, eng avvalo, fermerlar uchun sodda va qulay bo‘lishi, davlat mablag‘lari esa aniq natijaga xizmat qilishi zarurligini ta’kidladi. Jarayonlarda inson omilini qisqartirish, shaffoflikni ta’minlash, sug‘urta hodisalarini adolatli baholash va tovon pullarini tezkor to‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Mutasaddilarga bildirilgan takliflarni takomillashtirib, tegishli huquqiy hujjatlar loyihalarini kiritish vazifasi topshirildi.

Source: www.gazeta.uz