Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyati Qibray tumanida 95 kilogrammga yaqin gashish giyohvandlik vositasi musodara qilindi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev "Gazeta"ga ma’lum qildi.

Giyohvandlik vositalari Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida aniqlangan. Dala maydonidagi daraxtlar orasiga yashirib ketilgan 4 dona xo‘jalik qopi ichidan gashish solingan 109 dona o‘ram topilgan.

Tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan giyohvandlik vositalarini yashirilgan joydan olib ketish uchun kelishi mumkin bo‘lgan shaxslarni aniqlash maqsadida mazkur hudud bir necha kun davomida kuzatuvga olingan. Oradan 8 kun o‘tib, giyohvandlik vositalarini olib ketish maqsadida ushbu hududga kelgan ikki nafar fuqaro aniqlanib, qo‘lga olindi.

Tergov harakatlari davomida giyohvandlik vositalarini mazkur joyga yashirib ketish va keyinchalik olib ketish haqida topshiriq bergan shaxs ham aniqlanib, qo‘lga olindi. U muqaddam benzin kontrabandasi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun Bojxona qo‘mitasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Yirik miqdorda giyohvandlik vositalari aniqlanishi holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, aniqlangan gashish miqdori 700 mingta iste’mol dozasiga teng bo‘lib, uning noqonuniy muomalaga chiqarilishi aholi, ayniqsa yoshlar hayoti va salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin edi. Uning qora bozordagi qiymati, oxirgi iste’molchigacha yetib borgan taqdirda, 10 million dollardan oshishi mumkin edi.

Source: www.gazeta.uz