Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Nyu-Yorkda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) bilan hamkorlikda demografik barqarorlik masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ishtirok etib, O‘zbekistonning kelajakka oid rejalari va tashabbuslarini taqdim etdi. Tadbir davomida mamlakatning yosh aholisi va inson kapitalini rivojlantirish masalalari markaziy mavzuga aylandi.

Saida Mirziyoyeva o‘z nutqida O‘zbekistonning asosiy boyligi — yosh avlod ekanligini ta’kidladi. “Ushbu salohiyat kelgusida demografik dividend manbaiga aylanishi uchun bugundanoq har bir insonning, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligi, ta’limi hamda xavfsizligiga investitsiya kiritishimiz zarur”, — deb yozdi u Telegram kanalida. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu sa’y-harakatlar aniq maqsadga yo‘naltirilgan va uzoq muddatli bo‘lishi uchun demografik prognozlash bilan shug‘ullaniladi hamda “Demografik dividend — 2050” strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Kutilmalarga ko‘ra, 2050-yilga borib O‘zbekiston aholisi 58 million nafarga yetadi. Ularning 33 millioni mehnatga layoqatli yoshda bo‘ladi. 1989-yildan buyon mamlakat aholisi qariyb ikki barobarga ko‘payib, 39 million nafardan oshdi. Aholining yarmidan ko‘pi 30 yoshgacha bo‘lganlardir. Biroq, Saida Mirziyoyeva ta’kidlaganidek, yosh aholiga ega bo‘lishning o‘zi farovonlikni anglatmaydi. “Yosh aholi faqat sog‘lom, bilimli va ish bilan ta’minlangan taqdirdagina demografik dividendga aylanadi”, — dedi u.

So‘nggi yillarda erishilgan natijalar haqida so‘z borar ekan, 2000-yildan buyon mamlakatda onalar o‘limi ikki barobarga qisqargani, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 9 yilga uzaygani qayd etildi. So‘nggi besh yilda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 4 foizdan past ko‘rsatkichga tushdi. Shu davrda maktabgacha ta’limdan foydalanish imkoniyati qariyb uch barobarga oshdi. Farzandlarini xavfsiz joyda qoldirish imkoniyati tufayli bir million nafar ona o‘qish yoki ishga qaytishga muvaffaq bo‘ldi.

Prezident administratsiyasi rahbari, shuningdek, O‘zbekiston xavfsiz va hurmatga asoslangan mehnat muhitini yaratish bo‘yicha milliy dasturni joriy etayotganini ma’lum qildi. Bu haqdagi qarorni yaqinda prezident imzolagan. “Biz bu haqda ehtiyotkorlik bilan gapiramiz, chunki… bunday himoya choralarini joriy etish ishi, aslida, hech qachon tugamaydi”, — deya davom etdi u. Saida Mirziyoyeva rivojlanish darajasi turlicha bo‘lgan mamlakatlarda, jumladan, ilgari boshqalarga namuna bo‘lib ko‘ringan davlatlarda ham bu borada ortga ketish kuzatilayotganini ta’kidladi. Shu bois O‘zbekiston bu sa’y-harakatlarni bir marta qabul qilinadigan dastur emas, balki jamiyat ehtiyojlariga javoban hukumat yilma-yil maqsadli ravishda olib boradigan ish deb biladi.

Bugun qizlar va ayollar oliy ta’lim muassasalari talabalarining katta qismini tashkil etmoqda. Davlat universitetlarida magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat budjeti hisobidan qoplanadi. “Bu siyosat ortida oddiy bir ishonch bor: qiz farzandning orzu-intilishlari oila jamg‘armasi tugagan joyda tugamasligi kerak”, — dedi Saida Mirziyoyeva.

Tadbirda YUNFPA bilan uchta yangi yo‘nalishda hamkorlik qilinishi ma’lum qilindi. Birinchidan, Demografik barqarorlik va inson kapitali observatoriyasini doimiy faoliyat yurituvchi tuzilma sifatida shakllantirish. U Future Readiness Lab — Kelajakka tayyorgarlik laboratoriyasi asosida, 2050-yilgacha bo‘lgan istiqbolni ko‘zlab tashkil etiladi. Maqsad — “ertaga maktablar va poliklinikalar qayerda bo‘lishi kerakligini o‘sha kun kelmasidan oldin bilish”, dedi Saida Mirziyoyeva. Observatoriyaning vazifasi yangi statistika tuzilmasini yaratish emas. U mavjud demografik prognozlarni muntazam yangilab, ularni hududlar kesimida maktablar, tibbiyot muassasalari, ish o‘rinlari, uy-joy va infratuzilma ehtiyojlari hamda budjet rejalariga bog‘laydi.

Ikkinchidan, “Birinchi 1000 kun” milliy platformasini yaratish. Saida Mirziyoyevaning aytishicha, bundan maqsad — “bolaning yashash manzili uning kelajagini belgilab bermasligi”. Hozir homilador ayollar va ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarga tibbiy, oziq-ovqat va ijtimoiy xizmatlar turli idoralar tomonidan ko‘rsatiladi. Biroq ular o‘rtasida ma’lumot almashishning yagona tizimi, xizmatlarga yo‘naltirish tartibi va natijalarni baholashning umumiy ko‘rsatkichlari yo‘q. Shu sababli xavf guruhidagi ayrim onalar va bolalar bir xizmatdan boshqasiga o‘tishda tizim e’tiboridan chetda qolishi mumkin. Platforma mavjud xizmatlarni yagona uzluksiz zanjirga bog‘laydi: homiladorlikni erta aniqlash va xavfni baholashdan boshlab, xavfsiz tug‘ruq, emizish va to‘g‘ri ovqatlanish, emlash, bola rivojlanishini tekshirish hamda zarur ijtimoiy yordam ko‘rsatishgacha.

Uchinchidan, “Demografik dividend — 2050” strategiyasi kelajak ko‘nikmalarini rivojlantirish, yoshlar bandligi, ayollarning iqtisodiy faolligi, parvarish iqtisodiyoti va sog‘lom qarishga oid choralarni yagona uzoq muddatli dasturga birlashtirishi kerak. Hozir bu vazifalar “o‘zaro muloqot qilmaydigan” o‘nga yaqin idora o‘rtasida tarqoq holda taqsimlangan, dedi administratsiya rahbari. Strategiyada aniq ko‘rsatkichlar, mas’ul tashkilotlar, moliyalashtirish manbalari va har yili hisobot berish mexanizmi belgilanadi. Saida Mirziyoyeva, shuningdek, O‘zbekiston 2028-yilda Demografik barqarorlik bo‘yicha global forumga mezbonlik qilishni taklif etayotganini ma’lum qildi.

Source: www.gazeta.uz