Toshkent shahar bo'yicha Davlat xavfsizlik xizmati (DXH) xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda o'tkazilgan tezkor tadbir davomida poytaxt oliy o'quv yurtiga noqonuniy kirishga urinish aniqlandi. Bu haqda DXH matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, Jizzax viloyatining G'allaorol tumanida tug'ilgan, Toshkentda yashovchi shaxs fuqaroning ishonchiga kirib, undan 8 ming AQSh dollari talab qilgan. Mazkur summa evaziga u fuqaroni poytaxtdagi xususiy oliy o'quv yurtlaridan birining 3-kursiga darhol o'qishga qabul qilishga ko'maklashishni va'da qilgan.
Buning uchun u fuqaro go'yo Rossiyadagi oliy o'quv yurtlaridan birida ikki yil tahsil olganligi to'g'risida soxta hujjatlardan foydalanishni rejalashtirgan. Keyinchalik erkak 7,5 ming dollar olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo'lga olingan.
Shundan so'ng tezkor tadbir davom ettirilgan. Erkakdan 7,5 ming dollar olayotgan paytda Samarqand viloyatida ro'yxatga olingan va Toshkentda vaqtincha yashovchi boshqa bir fuqaro ham qo'lga olingan.
Dastlabki tergov tekshiruvi davomida ushbu noqonuniy sxemaga Yakkasaroy tumani ichki ishlar bo'limining inspektor-psixologi ham aloqadorligi aniqlangan. Natijada inspektor ham 7,5 ming dollar olayotgan paytda qo'lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan yuqorida ko'rsatilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: uznews.uz