Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo‘lib o‘tgan 46-Jahon shaxmat Olimpiadasida g‘olib bo‘lgan O‘zbekiston milliy jamoasi a’zolariga tabrik yo‘lladi. Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, tabrikda jamoaning tarixiy g‘alabasi alohida ta’kidlangan.

“Dunyo shaxmat osmonida yorqin yulduz bo‘lib porlagan siz, aziz farzandlarimni, 46-Jahon shaxmat Olimpiadasida erishgan tarixiy g‘alabangiz bilan chin qalbimdan tabriklayman”, — deyiladi tabrikda. Prezident ularni “yangi O‘zbekiston qahramonlari, jahon shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlod” deb atadi. “Butun xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi, g‘ururlanadi”, — dedi u.

Jamoaning amaldagi Olimpiada chempioni — Hindistonni, qadimiy shaxmat maktabi va ko‘plab grossmeysterlarga ega bo‘lgan Xitoyni, dunyo reytingida birinchi o‘rinni egallab kelayotgan, olti karra Olimpiada chempioni bo‘lgan AQShni mag‘lub etgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, jamoaning har bir a’zosi — Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindarov hamda bunday yirik xalqaro musobaqada birinchi marta ishtirok etgan Muhiddin Madaminovning o‘yinlari yuqori baholandi. O‘z navbatida, Shamsiddin Vohidovning Hindiston, Turkiya va Vengriya vakillariga qarshi murosasiz o‘yinlarda o‘zini yo‘qotmasdan, muhim ochkolarni olishga erishgani ham aytib o‘tildi.

“Bir so‘z bilan aytganda, terma jamoamiz a’zolarining har biri o‘ziga ishonib, faqat oldinga qarab borganini ko‘rib, yangi O‘zbekistonda qanday buyuk shaxmat maktabi, shaxmatchilar avlodi shakllanganiga butun dunyo tan berdi”, — deydi davlat rahbari. Musobaqalarda ikkinchi tarkib bilan ishtirok etgan jamoa qayd etgan natija ham “quvonarli” deya baholandi. O‘zbekiston-2 jamoaviy 15 ochko to‘plab, 18-o‘rinni oldi. “Jahongir Vohidov o‘g‘lim kuchli iroda ko‘rsatib, ushbu jamoamizni sovrinli o‘rinlar sari boshladi. Ispaniya, Angliya va Niderlandiya kabi davlatlar vakillari ustidan qozonilgan ishonchli g‘alabalar unutilmas tarixga aylandi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ayollar jamoasi ham keskin kurashlarda haqiqiy matonat namunasi bo‘lgani ko‘rsatib o‘tildi. “Ular AQSh jamoasi bilan tengma-teng bahs olib borganlari, 11 ta turda 7 ta yutuqqa erishib, o‘n uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani ham muhim natijadir”, — dedi prezident. Bundan tashqari, Samarqand olimpiadasida parashaxmatchilar ham ulkan jasorat ko‘rsatib, bunday o‘yinlar tarixida birinchi marta bronza medalini qo‘lga kiritganiga to‘xtalib o‘tildi. “Selbi qizim shaxsiy hisobda kumush, Abdulaziz o‘g‘lim bronza medaliga sazovor bo‘lgani, Ahadxon o‘g‘lim umuman mag‘lub bo‘lmagani meni juda xursand qildi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning qayd etishicha, “mamlakatda shaxmat rivojiga berilayotgan doimiy e’tibor, yo‘lga qo‘yilgan samarali tizim va qulay sharoitlar yoshlar erishgan natijalarni ta’minlashda muhim omil bo‘ldi”. Yaqinda bu borada yana bir prezident qarorini qabul qildik, ushbu hujjat yaqin kelajakda yanada ulkan natijalar uchun, albatta, mustahkam zamin yaratadi, dedi u. Shuningdek, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi FIDE tomonidan 2026-yilda “Eng yaxshi federatsiya” nominatsiyasida g‘olib deb topilgani, murabbiy, grossmeyster Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse prezidenti, Hulkar Tohirjonova FIDEning Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha mintaqaviy prezidenti etib saylanganini O‘zbekistonning shaxmat mamlakati sifatida obro‘-e’tibori oshib borayotganining yana bir dalili sifatida qabul qilinishi aytib o‘tildi.

“Barchamizning umumiy g‘alabamiz 3000-yillik boy tarix va madaniyat ovozi kelib turgan, XIV-XV asrlarda Ikkinchi Renessans markazlaridan biri bo‘lgan bu buyuk shaharda qo‘lga kiritilgani uning qadr-qimmatini yanada oshirmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Shuningdek, prezident noyabr oyida Jahon toji uchun [Dommaraju Gukeshga qarshi] bo‘ladigan tarixiy bellashuvda Javohir Sindorovdan ulkan zafarlar kutishini aytdi: “Sen bunga, albatta, qodirsan, Javohir bolam!”

Source: www.gazeta.uz