O'zbekiston-1 erkaklar milliy jamoasi Samarqandda bo'lib o'tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempion bo'ldi. Jamoa oltin medalni Ukraina bilan kechgan va 2,5:1,5 hisobidagi g'alaba bilan yakunlangan so'nggi uchrashuv to'liq tugashidan oldinroq naqd qilib bo'ldi. Birinchi o'rin taqdiri Hindiston va Vengriya o'rtasidagi 2:2 hisobidagi durang natijadan keyin butunlay hal bo'ldi. So'nggi tur oldidan O'zbekiston 18 jamoaviy ochko bilan peshqadamlik qilib, Hindistondan bir ochko oldinda borayotgan edi.
Bu O'zbekiston uchun so'nggi uchta Olimpiadadagi ikkinchi olimpiya oltini hisoblanadi. 2022-yilda jamoa ilk bor Chennayda chempion bo'lgan, ikki yil o'tib esa Budapeshtda bronza medalini qo'lga kiritgan edi. Javohir Sindarov (reytingi — 2778) milliy jamoalarning ikkinchi juftligi bahsida ukrainalik eng mashhur shaxmatchilardan biri — 57 yoshli Vasiliy Ivanchuk (2630) bilan kuch sinashdi. Bahs durang bilan yakunlandi. So'nggi tur juftliklari aynan shu tartibda shakllantirilgan edi. O'z uyidagi Olimpiada yakunlariga ko'ra, Sindarov 10 ta partiyada 7 ochko jamg'ardi — beshta g'alaba, to'rtta durang va bir mag'lubiyat. Grossmeyster birinchi turni o'tkazib yubordi. Turnirdagi yagona mag'lubiyatini u to'qqizinchi turda AQShga qarshi uchrashuvda Uesli Sodan qabul qilib oldi. Sindarovning xalqaro turnirlarga, jumladan, shaxmat Olimpiadasiga tayyorgarligi va undagi ishtiroki, shuningdek, murabbiylar bilan ishlash jarayoni O'zbekiston Milliy banki ko'magida amalga oshirilmoqda.
Birinchi doskada Nodirbek Abdusattorov (2762) Igor Kovalenko (2642) bilan durang o'ynadi. Abdusattorov jami 11 ta partiyaning barchasida ishtirok etdi va biror marta ham mag'lubiyatga uchramadi. Uning hisobida 8,5 ochko bor — 6 ta g'alaba va 5 ta durang. So'nggi turga qadar u, jumladan, sobiq jahon chempioni Din Lijen va Amerikaning eng kuchli grossmeysterlaridan biri Fabiano Karuanani yengishga muvaffaq bo'ldi. Uning Karuana ustidan qozongan g'alabasi to'qqizinchi turda O'zbekistonning AQShni mag'lub etishiga zamin yaratdi. Uchinchi doskada Nodirbek Yoqubboyev (2685) Igor Samunenkov (2608) bilan durang o'ynadi. U Olimpiadani 10 ta partiyada 7,5 ochko bilan yakunladi — oltita g'alaba, uchta durang va bir mag'lubiyat. Yoqubboyevning Hindiston bilan o'yinda Nihal Sarin, Xitoy bilan bahsda Yuy Yan'i hamda AQShga qarshi uchrashuvda Xans Nimann ustidan qozongan g'alabalari, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etdi. Hindistonga qarshi bellashuvda aynan uning g'alabasi yagona natijaviy partiya bo'ldi va O'zbekistonga 2,5:1,5 hisobidagi g'alabani taqdim etdi.
To'rtinchi doskada Muhiddin Madaminov (2611) Roman Dextyaryovni (2508) mag'lub etdi. Bu Madaminov uchun Olimpiadadagi yettinchi partiya bo'ldi. U musobaqani mag'lubiyatsiz yakunlab, 5,5 ochko jamg'ardi — to'rtta g'alaba va uchta durang. So'nggi turda bahsga kirishmagan Shamsiddin Vohidov (2654) oltita partiyada 4 ochko to'pladi: uch marta g'alaba qozondi, ikki marta durang o'ynadi va bir bor mag'lubiyatga uchradi. Shu tariqa, O'zbekiston asosiy terma jamoasining besh nafar shaxmatchisi butun Olimpiada davomida doskalarda jami 33 ochko jamg'ardi. O'zbekiston o'z uyida o'tgan Olimpiadada 11 ta jamoaviy bahsning 10 tasida g'alaba qozondi. Jamoa dastlabki yetti turni jamoaviy ochkolarni yo'qotmasdan bosib o'tdi. Raqiblar orasida o'sha vaqtdagi amaldagi olimpiya chempioni Hindiston, shuningdek, Xitoy va Vengriya bor edi. Jamoa turnirdagi yagona mag'lubiyatni sakkizinchi turda Germaniyadan qabul qilib oldi — 1,5:2,5. Biroq ertasi kuniyoq O'zbekiston AQShni 2,5:1,5 hisobida mag'lub etdi, so'ngra ungacha mag'lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Armanistonni 3,5:0,5 hisobida tor-mor keltirdi.
So'nggi tur oldidan O'zbekiston 18 ochko bilan yakka peshqadam edi va Hindistondan bir ochko oldinda borayotgandi. Hindiston — Vengriya uchrashuvi natijasidan qat'i nazar (bu bahs 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi), terma jamoaga oltin medalni naqd qilish uchun Ukraina ustidan g'alaba qozonishning o'zi kifoya edi. Germaniya Niderlandiyani 2,5:1,5 hisobida yengdi. O'zbekistonning bosh raqobatchisi — Hindiston Vengriya bilan 2:2 hisobida durang qayd etdi. Arjun Erigaysi Peter Lekoni mag'lub etdi, biroq jahon chempioni Dommaraju Gukesh Gleb Dudinga imkoniyatni boy berdi. Rixard Rapport — Pragnanandha va Benyamin Gledura — Nihal Sarin partiyalari esa durang bilan yakunlandi. Xitoy O'zbekiston ikkinchi milliy jamoasini 3:1 hisobida mag'lubiyatga uchratdi. Jahongir Vohidov Din Lijen bilan, Humoyun Begmuratov esa Syuy Syan'yuy bilan durang o'ynadi. Abdimalik Abdisalimov Vey Iga, Muhammadzohid Suyarov esa Yuy Yan'iga yutqazdi. Armaniston Olimpiadani Xorvatiya ustidan qozonilgan 3:1 hisobidagi g'alaba bilan tamomladi. Shant Sargsyan va Manuel Petrosyan o'z partiyalarida g'alaba qozondi, yana ikki bahs durang bilan tugadi. O'zbekiston uchinchi jamoasi esa, aksincha, turnirni Andorra ustidan qozonilgan g'alaba bilan yakunladi — 2,5:1,5. Almas Rahmatullayev Serni Ribera Vegansonesni, Muhammadali Abdurahmonov esa Daniel Gomes Anadonni yengdi, Saidakbar Saydaliyev Oskar de la Riva bilan durang qayd etdi. Asrorjon Omonov esa Esteve Mateu Giuga imkoniyatni boy berdi.
O'zbekiston Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi ilk oltin medalini 2022-yilda Chennayda qo'lga kiritgandi. O'shanda yosh jamoa 11 tur davomida birorta ham uchrashuvda mag'lub bo'lmay, qo'shimcha ko'rsatkichlarga ko'ra Armanistonni ortda qoldirgan edi. Keyingi Olimpiadada — 2024-yilda Budapeshtda — O'zbekiston uchinchi o'rinni egalladi. Unda Hindiston chempion bo'ldi, kumush medallarni esa AQSh qo'lga kiritdi. Bundan tashqari, Nodirbek Abdusattorov birinchi doskada yakkalik kumush medalini, Shamsiddin Vohidov esa to'rtinchi doskada oltin medalni qo'lga kiritgan edi. O'zbekiston Olimpiadani mumkin bo'lgan 22 jamoaviy ochkodan 20 ochko, 10 ta g'alaba va bitta mag'lubiyat bilan yakunladi. Yakkalik doskalarda esa mumkin bo'lgan 44 ochkodan 32,5 ochko jamg'arildi.
O'zbekiston-1 ayollar milliy jamoasi Olimpiadani Armanistondan uchralgan 1:3 hisobidagi mag'lubiyat bilan yakunladi. Afruza Hamdamova (2443) Lilit Mkrtchyanga (2353), Gulruhbegim Tohirjonova (2357) esa Mariam Mkrtchyanga (2374) imkoniyatni boy berdi. Umida Omonova (2297) Elina Daniyelyan (2382) bilan, Guldona Karimova (2242) esa Susanna Gaboyan (2179) bilan durang o'ynadi. O'zbekiston ikkinchi ayollar terma jamoasi so'nggi turni Isroil bilan 2:2 hisobidagi durang natija bilan tamomladi. Nilufar Yoqubboyeva (2246) Marsel Efroimskiga (2340) yutqazdi, Marjona Malikova (2149) esa Noga Orian (2307) bilan durang o'ynadi. Madinabonu Xalilova (2087) Olga Gutmaxer (2216) ustidan g'alaba qozondi, Asal Salimova (2088) esa Viktoriya Chernyak (2222) bilan ochkoni bo'lishib oldi. O'zbekiston-3 ayollar jamoasi Janubiy Afrika Respublikasini (JAR) 3,5:0,5 hisobida ishonchli tarzda mag'lub etdi. Zilola Aktamova (2078) Xloya Badenxorst (1997) bilan durang natija ko'rsatdi. Maftuna Bobomurodova (2030), Barchinoy Shokirjonova (1996) va Ozoda Shahzodova (1964) esa o'z bahslarida g'alaba qozonishdi. Oltin medallar uchun kurashda Xitoy Vetnamni 3:1 hisobida mag'lubiyatga uchratdi. Chju Sziner va Lu Myaoi o'z partiyalarida g'alaba qozondi, yana ikki bahs durang bilan tugadi. Qozog'iston esa Polsha bilan 2:2 hisobida durang o'ynadi. Elnaz Kaliaxmet Alitsiya Slivitska ustidan g'alaba qozongan bo'lsa-da, Alua Nurman Aleksandra Malsevskayaga imkoniyatni boy berdi. Qolgan ikki uchrashuv durang bilan yakun topdi. Shu tariqa, Xitoy birinchi o'rinni saqlab qoldi va Olimpiadaning ayollar bahsida g'oliblikka erishdi. Qozog'iston musobaqani ikkinchi o'rinda yakunladi, AQSh terma jamoasi esa uchinchi pog'onani egalladi.
Source: www.gazeta.uz