Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda biznes uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha «namunali iste’molchi» maqomi joriy etilmoqda. Bu prezidentning 22-sentabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan.

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlariga ulangan va masofadan boshqarish imkoniyatiga ega hisoblagichlar bilan jihozlangan nomaishiy iste’molchilar «namunali» deb tan olinadi. Ularda muddati o‘tgan qarzdorlik, energiya resurslaridan foydalanish va hisobga olish qoidalarini buzish, shuningdek, avvalgi ikki oy davomida to‘lov intizomini buzish holatlari bo‘lmasligi kerak.

Muayyan toifadagi bunday iste’molchilar uchun alohida to‘lov tartibi belgilanadi: hisob-kitob oyi boshlangunga qadar ular shartnomada nazarda tutilgan iste’mol hajmining kamida 15 foizi miqdorida to‘lashi kifoya va qolgan summani oy davomida bo‘lib to‘lashi mumkin. Bo‘nak to‘lovi hisobga olish va billing tizimlari ma’lumotlari asosida avtomatik ravishda aniqlanadi — maqom olish uchun alohida murojaat qilish talab etilmaydi.

Agar shaxsiy hisobvaraqdagi mablag‘lar tugab, elektr energiyasi yoki gaz yetkazib berish avtomatik ravishda to‘xtatilsa, bu to‘lov intizomini buzish deb hisoblanmaydi. Shu bilan birga, muddati o‘tgan qarzdorlik paydo bo‘lganda, iste’molchining aybi bilan hisobga olish tizimi bilan ma’lumot almashinuvi buzilganda yoki energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanganda «namunali iste’molchi» maqomi yo‘qotilishi mumkin.

18-avgust kuni Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda prezident Shavkat Mirziyoyev ayrim korxonalar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha majburiy oldindan to‘lovni 100 foizdan 15 foizgacha kamaytirish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. Davlat rahbari o‘shanda energiya resurslari uchun to‘liq oldindan to‘lov talabi biznesning aylanma mablag‘larini kamaytirishini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, energetika sohasidagi boshqaruv tizimi tadbirkorlarning joriy ehtiyojlari va kelajakdagi rejalarini hisobga olgan holda qayta qurilishi kerak.

Yuridik shaxslar uchun 100 foizlik oldindan to‘lov talabi 2024-yil 1-iyuldan buyon amal qilmoqda. Shunga o‘xshash tartib 2017-yil iyulidan 2019-yil fevraligacha ham qo‘llanilgan, shundan so‘ng majburiy bo‘nak miqdori 50 foizgacha kamaytirilgan edi. 2023-yil oxirida Energetika vazirligi to‘liq oldindan to‘lov tizimiga qaytishni iste’molchilar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan qoidabuzarliklar, shu jumladan tarmoqlarga o‘zboshimchalik bilan ulanish va iste’mol hajmi haqidagi ma’lumotlarni buzib ko‘rsatish holatlari bilan izohlagan edi.

Ushbu farmon bilan O‘zbekistonda yirik iste’molchilar uchun elektr energiyasiga belgilangan differensiallashgan tariflar ham o‘zgartirildi. Soat 09:00 dan 17:00 gacha ular uchun kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanadi — tarif 1,5 baravar arzonlashadi. Tungi vaqtda esa avvalgi chegirma bekor qilinadi va elektr energiyasi uchun odatdagi tarif bo‘yicha to‘lov amalga oshiriladi.

Source: www.gazeta.uz