Toshkent viloyati Ohangaron shahridagi 6-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida 28-avgust kuni fojiali hodisa yuz berdi. 2023-yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchi hasharotlarga qarshi ishlatiladigan kimyoviy vositani ichib qo‘ygan. Bola zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan, biroq uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Bu haqda Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bolaning buvisi mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti oshxonasida autsorsing tashkiloti xodimi — oshpaz bo‘lib ishlagan. Hodisa bola buvisining yoniga, oshxonaga kirgan vaqtda sodir bo‘lgani aytilmoqda. Bu holat bolaning oshxonada qanday qilib nazoratsiz qolgani va xavfli kimyoviy moddaning uning qo‘li yetadigan joyda saqlanganligi kabi jiddiy savollarni tug‘diradi.
Vakolatli organlar hozirda bola oshxonaga qanday kirgani, xavfli vosita nima sababdan uning qo‘li yetadigan joyda turgani va uni saqlash uchun kim mas’ul bo‘lganini o‘rganmoqda. Tergov va surishtiruv ishlari davom etayotgan bo‘lib, holat yuzasidan yakuniy xulosa faqat tergov natijalariga ko‘ra beriladi. Hodisaning barcha jihatlari har tomonlama tekshirilishi, aybdorligi aniqlangan shaxslarga nisbatan qonun doirasida chora ko‘rilishi bildirilgan.
Bu fojia O‘zbekiston ta’lim va tarbiya tizimidagi bolalarni himoya qilish mexanizmlarining zaifligini yana bir bor ko‘rsatdi. Avvalroq Namangan viloyatidagi bog‘chada qizchaga nisbatan zo‘ravonlik holati ham xuddi shunday muammolarni — bolalar xavfsizligi bo‘yicha qat’iy standart va protokollarning yo‘qligini fosh etgan edi. Ohangarondagi holat ham bu qarashni mustahkamlaydi: voqea bog‘cha bolasi qarovsiz qolgani sabab sodir bo‘lgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bolalarni himoya qilish barcha bolalar muassasalari va xodimlar uchun majburiy bo‘lgan qat’iy standart va protokollarga asoslanishi kerak. Bu kabi fojialarning oldini olish uchun maktabgacha ta’lim tashkilotlarida xavfli moddalarni saqlash, oshxona va boshqa xizmat xonalariga begona shaxslar, jumladan, xodimlarning qarindoshlari kirishini qat’iy nazorat qilish zarur. Aks holda, mas’uliyatsizlik va nazoratsizlik yana begunoh bolalar hayotiga zomin bo‘lishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz