Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 51-sonli maktabda 22 nafar yuqori sinf o‘quvchisi havo orqali tarqalgan kimyoviy vositadan zaharlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi. Hodisa 23-sentabr kuni taxminan soat 11:45 da yuz bergan.
Maktabning 10−11-sinf o‘quvchilarida ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘i kabi alomatlar paydo bo‘lgach, ular zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib ketilgan. Shifokorlar dastlabki tashxis sifatida “oshqozon dispepsiya sindromi”ni qo‘yishgan. Voqea joyiga tez yordam brigadalari va epidemiologlar yetib borgan.
O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, maktab joylashgan “Yangiobod” mahallasiga tutash hududda “Shoxmalik Shermurod o‘g‘li” fermer xo‘jaligiga qarashli paxta maydonlari mavjud. Uning 20 gektari bevosita maktab atrofida joylashgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha kuni soat taxminan 09:00 atrofida fermer xo‘jaligi paxtaning erta yetilishini ta’minlash maqsadida maydonga “Agro Augron” nomli dori vositasini sepgan. Kislorod orqali tarqalgan vosita oqibatida o‘quvchilar zaharlangan.
Shifokorlar ko‘rsatgan yordamdan so‘ng 15 nafar o‘quvchining sog‘lig‘i yaxshilangan va ular uyiga javob berilgan. Hozirda yana 7 nafar o‘quvchi tuman tibbiyot birlashmasida statsionar sharoitda davolanishni davom ettirmoqda. Ularning ahvoli o‘rtacha og‘ir deb baholanmoqda.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 201-moddasi 1-qismi (Atrof-muhitni ifloslantirish yoki zararli moddalarni oqizish/oqizish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tegishli ekspertizalar tayinlangan bo‘lib, hozirda Qashqadaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Fermer xo‘jaligi rahbari javobgarlikka tortilishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz