O‘zbekistonda 2022−2025-yillarda 14 yoshga to‘lmagan bolalarning nomusiga tegish bo‘yicha jami 445 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu ma’lumot 29-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yig‘ilishida Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Gulruh Agzamova tomonidan e’lon qilindi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022-yilda 85 ta, 2023-yilda 108 ta, 2024-yilda 129 ta, 2025-yilda esa 123 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu raqamlar bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida keltirildi.
“Bugun biz shunchaki navbatdagi qonun loyihasini muhokama qilayotganimiz yo‘q. Biz bolalarimizning taqdiri, ularning xavfsizligi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi, eng muhimi, jamiyatimizda bola qadri qanchalik ustuvor ekanligi haqida gaplashmoqdamiz”, — dedi Agzamova. U bolalar har doim ham boshidan kechirgan zo‘ravonlik haqida kattalarga ayta olmasligiga e’tibor qaratdi. “Kimdir qo‘rqadi, kimdir uyaladi, kimdir anglab yetmaydi, va yana kimdir uni hech kim eshitmasligiga ishonadi. Ba’zan esa biz kattalar bolaning yordam so‘rab bergan signallarini o‘z vaqtida anglamaymiz. […] Bolaning sukuti uning roziligini anglatmaydi. Uning o‘zini himoya qila olmasligi esa jamiyatni uni himoya qilish majburiyatini yanada oshiradi”, — deya ta’kidladi u.
Qonun loyihasida bolalarga nisbatan o‘ta og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish, jumladan, 14 yoshga to‘lmagan bolaning nomusiga tekkanlik uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish nazarda tutilgan. Shuningdek, bolalarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar bo‘yicha da’vo muddatlarini bekor qilish, tergov va sud jarayonida voyaga yetmaganlarni protsessual jihatdan himoya qilishni kuchaytirish hamda jabrlangan bolalarga bepul yuridik yordam ko‘rsatish taklif etilmoqda. Muhokama yakunida deputatlar hujjatni birinchi o‘qishda qabul qildi.
Agzamova Namangan viloyatida yaqinda sodir bo‘lgan holat bolalarga nisbatan og‘ir jinsiy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish zaruratini yana bir bor ko‘rsatganini ta’kidladi. “Namanganda bo‘lib o‘tgan mudhish voqea, menimcha, hech kimni befarq qoldirmadi. Biz, tashabbuskor deputatlar, bolalarga nisbatan og‘ir jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlikni kuchaytirish zarurligiga yana bir marotaba amin bo‘ldik”, — dedi u. Ushbu tuzatishlarni tayyorlash 2026-yil 16-fevraldagi O‘zbekiston — 2030 strategiyasini amalga oshirish to‘g‘risidagi (PF-22-son) prezident farmonida nazarda tutilgan. Hujjatda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi samarali tizim yaratish, jumladan, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazo choralarini belgilash topshirilgan. Ushbu topshiriqni bajarish muddati 2026-yil 1-aprelgacha etib belgilangan edi. Tegishli o‘zgartirishlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan 29-sentabr kuni — belgilangan muddatdan qariyb olti oy o‘tib birinchi o‘qishda qabul qilindi.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda voyaga yetmaganlarga nisbatan shahvoniy shilqimlik holatlari bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 56 ta material kelib tushgan. 2024-yilda bunday materiallar soni 129 ta, 2025-yilda 141 tani tashkil etgan. 2026-yilning birinchi yarmida yana 44 ta shunday material qayd etilgan. Shu bilan birga, tahlil huquqbuzarliklarni noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilish holatlari mavjudligini ko‘rsatgan. Partiya ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch yilda jinoyat alomatlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan qilmishlar 44 ta holatda yashirilib, ma’muriy huquqbuzarlik sifatida rasmiylashtirilgan. Ushbu ma’lumotlar voyaga yetmaganlarga nisbatan shahvoniy xususiyatga ega harakatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni aniq ajratish hamda jinoyat alomatlari mavjud bo‘lgan qilmishlarni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks bo‘yicha shahvoniy shilqimlik sifatida kvalifikatsiya qilish holatlariga barham berishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasida keltirildi.
Qonunchilikni kuchaytirish bo‘yicha muhokamalar Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat bog‘chasining 5 yoshli tarbiyalanuvchisiga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlikka oid shov-shuvli holat fonida kechmoqda. 12-sentabr kuni tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsni nomusiga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, bog‘cha xodimi K. M. ushlandi va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi. Qizcha onasining so‘zlariga ko‘ra, taxmin qilinayotgan zo‘ravonlik bir necha bor sodir etilgan bo‘lishi mumkin. Uning aytishicha, sodir bo‘lgan hodisadan so‘ng bola juda qo‘rqoq bo‘lib qolgan va bog‘cha yonidan o‘tishdan ham qo‘rqmoqda.
27-sentabr kuni Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva sodir bo‘lgan voqeaga munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nafaqat jinoyatda aybdor bo‘lganlar, balki “bunga yo‘l qo‘ygan, beparvolik ko‘rsatgan va bolani asrab qololmaganlar” ham jazolanishi kerak. Saida Mirziyoyeva, shuningdek, bu kabi jinoyatlar uchun “javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirish” maqsadida qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlanayotganini ma’lum qildi.
Source: www.gazeta.uz