Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi Botanika bog‘ida qurilish ishlari olib borilayotgani va daraxtlar kesilayotgani haqida videolar tarqaldi. Gazeta muxbiri holatga aniqlik kiritish maqsadida voqea joyiga borib, Botanika bog‘i bosh dendrologi Atirgul Xolmirzayeva bilan suhbatlashdi.
Uning ma’lum qilishicha, bog‘ hududining 50 sotix maydonida suv havzasi qurilmoqda. Mutaxassis qurilish jarayonida o‘zboshimchalik bilan daraxt kesilayotgani yo‘qligini ta’kidladi. Atirgul Xolmirzayevaning aytishicha, sun’iy ko‘l qurilayotgan maydon bir vaqtlar archazor bo‘lgan. Keyinchalik archalar boshqa joyga ko‘chirilgani sababli hudud ochiq qolgan.
“Ochiq maydon qamishzorga aylandi va qarovsiz qoldi. Ishchi kuchimiz kam. Bog‘ni har yili tozalashga ham vaqt yetmaydi”, — deydi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, hududda suv havzasi barpo etilishi munosabati bilan bu yerdagi o‘simliklar va qamishlar olib tashlanmoqda. Keyin havzada suvda o‘sadigan o‘simliklar ekiladi, atrofi esa manzarali butalar bilan obodonlashtiriladi. “Aholi kelib, shu yerda dam olib ketadigan manzarali joyga aylanadi”, — deydi bosh dendrolog.
Xolmirzayevaning ma’lum qilishicha, yangi suv havzasi 50 sotix maydonni egallaydi va uni shu yilning o‘zida yakunlash rejalashtirilgan. Yangi ko‘l nafaqat Botanika bog‘i hududida, balki shaharda ham qo‘shimcha namlik yaratishi ko‘zda tutilgan. “Ko‘l quriladigan maydon atrofidagi daraxtlarning hammasi turibdi. O‘zboshimchalik bilan daraxt kesilayotgani yo‘q. Faqat qurib qolgan shoxlari olinyapti”, — deydi bosh dendrolog.
Uning ta’kidlashicha, qurib qolgan yoki biologik yoshi tugayotgan daraxtlarni olib tashlashdan avval tegishli dalolatnoma tuziladi. Shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutidan mutaxassislar chaqirilib, daraxtlarning holati bo‘yicha ilmiy xulosa olinadi. Bosh dendrolog qurilish jarayoni nazorat ostida olib borilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi suv havzasi atrofiga manzarali o‘simliklar ekilib, hudud tashrif buyuruvchilar dam olishi mumkin bo‘lgan joyga aylantiriladi.
Atirgul Xolmirzayeva Botanika bog‘i hududini saqlash oson emasligini ham ta’kidladi. Uning aytishicha, bog‘ 66 gektar maydonni egallaydi. Bu yerda daraxtlar va o‘simliklarni parvarishlash, hududni tozalash hamda tashrif buyuruvchilardan qolgan chiqindilarni yig‘ish ishlarini kam sonli xodimlar amalga oshiradi. “Butun 66 gektar yerni amalda asrab o‘tiribmiz, xalqimizga kislorod bo‘lsin, deb. Shahrimizda qurilishlar ketyapti, yildan-yilga daraxtlar kamayyapti. Biz esa o‘z hududimizdagini asrab qolishga harakat qilamiz”, — deydi u.
Hozirgi kunda Botanika bog‘ining turli nuqtalarida to‘rtta sun’iy ko‘l mavjud. Atirgul Xolmirzayevaning so‘zlariga ko‘ra, bog‘ tashkil etilgan davrda uning asoschisi, botanik olim Fyodor Nikolayevich Rusanov xorijdan turli o‘simliklarni olib kelib, ularni mahalliy iqlimga moslashtirishga kirishgan. Bog‘ hududi o‘simliklarning kelib chiqishiga qarab bir nechta geografik qismlarga ajratilgan. Jumladan, Yevropa-Qrim-Kavkaz, Shimoliy Amerika, Uzoq Sharq, Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo hududlari mavjud.
Ayrim joylarda suv o‘simliklarini parvarishlash uchun sun’iy ko‘llar tashkil etilgan. Bu ishlar 1950-yillarda amalga oshirilgan. Ko‘llarda turli xil suv o‘simtalari, jumladan, oq, pushti va sariq gullaydigan nilufarlar, botqoq irisi hamda boshqa namliksevar o‘simliklar o‘sadi. Bosh dendrologning qayd etishicha, mavjud ko‘llarning ayrimlarida hozirda suv yetarli darajada to‘planmaydi. Shu sababli suv o‘simliklarini saqlash ham qiyinlashib boryapti.
Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan tanishgan taqdimotda Qoraqalpog‘iston, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil etilishi ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, poytaxtda 108 gektarli Milliy dendrologiya bog‘i barpo etiladi. Bog‘ning markaziy qismida 1 gektarlik sun’iy ko‘l va uning atrofida sakura bog‘i tashkil qilinadi.
Source: www.gazeta.uz