Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. “Adolat” SDP fraksiyasi tashabbusi bilan kiritilgan loyiha 29-sentabr kuni birinchi o‘qishda ma’qullangan edi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashda soha mutaxassislari, deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida uning normalari muhokama qilingan. Keng jamoatchilik muhokamasi davomida kelib tushgan takliflar ekspertlar tomonidan o‘rganilib, asoslanganlari loyihani takomillashtirishda inobatga olingan.
Hujjatning ikkinchi o‘qishga tayyorlangan variantida 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash aniqlashtirildi. Shuningdek, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilishga oid ayrim qoidalarni qo‘llash cheklanmoqda.
Ikkinchi o‘qishga tayyorlangan loyihada voyaga yetmaganlarga nisbatan qasddan badanga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq yangi norma ham kiritilmoqda. Bunday harakat sodir etilishi og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanmoqda. Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan normalar bilan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan voyaga yetmaganlarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartiblari aniqlashtirildi. Voyaga yetmagan guvohlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish majburiyligi belgilanib, vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokiga oid qoidalar takomillashtirildi.
Bundan tashqari, bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborotdan himoya qilish, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini ijro etmaslik yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid normalar aniqlashtirildi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar ham amaliyotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni inobatga olgan holda takomillashtirildi.
Qonunchilikni kuchaytirish bo‘yicha muhokamalar Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat bog‘chasining 5 yoshli tarbiyalanuvchisiga nisbatan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlikka oid shov-shuvli holat fonida kechmoqda. 12-sentabr kuni tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsni nomusiga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, bog‘cha xodimi K. M. ushlandi va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Qizcha onasining so‘zlariga ko‘ra, taxmin qilinayotgan zo‘ravonlik bir necha bor sodir etilgan bo‘lishi mumkin. Uning aytishicha, sodir bo‘lgan hodisadan so‘ng bola juda qo‘rqoq bo‘lib qolgan va bog‘cha yonidan o‘tishdan ham qo‘rqmoqda.
27-sentabr kuni Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva sodir bo‘lgan voqeaga munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nafaqat jinoyatda aybdor bo‘lganlar, balki “bunga yo‘l qo‘ygan, beparvolik ko‘rsatgan va bolani asrab qololmaganlar” ham jazolanishi kerak. Saida Mirziyoyeva, shuningdek, bu kabi jinoyatlar uchun “javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirish” maqsadida qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlanayotganini ma’lum qildi.
Source: www.gazeta.uz