O'zbekiston Prezidenti o'quv yuklamasi yuqori bo'lgan tumanlarda xususiy maktablar ochishni qo'llab-quvvatlashning yangi moliyaviy mexanizmlarini e'lon qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2026-yil 1-sinfga 800 ming bola qabul qilindi. Bu o'tgan yilgiga nisbatan 10 foiz ko'p. 2030-yilga borib, ularning soni 1 millionga yetishi kutilmoqda. Har yili investitsiya dasturlari hisobidan 180−200 ming o'quvchi o'rni yaratilmoqda.
Prezident o'quv yuklamasi yuqori bo'lgan 52 ta tumanda xususiy maktablar ochishni qo'llab-quvvatlashning yangi moliyaviy mexanizmlarini e'lon qildi. Ushbu hududlarda maktab tashkil etish uchun 7 yillik 10 foizli imtiyozli kredit, ochish va jihozlash xarajatining 15 foizigacha, ko'pi bilan 1,5 milliard so'm subsidiya beriladi. Binosini maktabga ijaraga berganlar yer va mulk solig'idan imtiyoz oladi.
Barcha tumanlarda bo'sh davlat binolari xususiy maktab ochish uchun 10 yilga bepul ijaraga beriladi. Xalqaro akkreditatsiyadan o'tish xarajatining yarmi qoplanadi.
Farzandi xususiy maktabda o'qiydigan ota-onalar uchun soliq olinmaydigan daromad chegarasi 3 milliondan 6 million so'mga oshiriladi. Bu oilalarga yiliga 6−7 million so'm tejash imkonini beradi; soliq idoralari to'lovlarni har oy yakunida avtomatik qaytarish tizimini yo'lga qo'yadi.
Source: www.gazeta.uz