O‘zbekiston kino san’atining tamal toshini qo‘ygan ilk rejissyorlardan biri Nabi G‘aniyev 1904-yilning 15-sentabrida Toshkent shahrida dunyoga kelgan. U dastlab eski usuldagi maktabda, so‘ngra “Namuna” nomli yangi usul maktabida ta’lim olgan. Bu davr uning keyinchalik san’at olamiga kirib kelishida muhim poydevor bo‘lib xizmat qilgan.
1924-yilda Nabi G‘aniyev Moskvadagi Oliy badiiy-texnika ustaxonalarida o‘qishni boshlashdan avval teatr tomoshalari uchun badiiy havaskorlik to‘garagiga rahbarlik qilgan va turli spektakllarni sahnalashtirgan. Bu tajriba uning rejissyorlik mahoratini shakllantirishda muhim rol o‘ynagan.
1925-yilda Toshkentga qaytib, “Sharq yulduzi” kinostudiyasiga ishga kirgan. Shu davrda “O‘zbekkino”da turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. 1926-yilda esa o‘zbek tilidagi ilk “Kinossenariy” va “Kinoaktyor” nomli qo‘llanmalarni yozib, milliy kino ta’limiga asos solgan.
1927−1928-yillarda “Soyabonli arava”, “Moxov qiz” filmlarida turli rollarni ijro etgan, “Baxt quyoshi”, “So‘nggi bek” kabi kinolarda rejissyor assistenti bo‘lgan. Mustaqil rejissyorlik faoliyatini 1928-yildan boshlagan. 1931−1935-yillarda “Yuksalish”, “Ajoyib-g‘aroyib ish”, “O‘lim qudug‘i”, “Ramazon” va “Yigit” nomli filmlarni suratga olgan. 1941-yilda “Biz yengamiz”, “Dovyurak do‘stlar”, to‘rt yil o‘tgach esa “Tohir va Zuhra” filmlarini taqdim etgan. “Farg‘ona qizi” filmi esa 1948-yilda namoyish etilgan.
Shuningdek, u “Nasriddinning sarguzashtlari”, “Nasriddin Buxoroda”, jumladan, “Lotinlashtirish” kabi filmlarga ham rejissyorlik qilgan. Ammo 1937-yilda Nabi G‘aniyev aksilinqilobchilikda ayblanib, 27 oyga qamalgan. Bunga u suratga olgan “Hokimiyat kimniki?” nomli filmning mazmuni ham sabab bo‘lgan. 1939-yilda ozod qilingan ijodkor 1953-yil 19-oktabrda vafot etgan. Gazeta Nabi G‘aniyev ishtirok etgan va u suratga olgan filmlar asosida test tayyorladi.
Source: www.gazeta.uz