Qonunchilik palatasining 29-sentabrdagi yalpi majlisida Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Botir Zohidovning ma’lum qilishicha, mehnat migratsiyasidan qaytgan 661 ming nafar O‘zbekiston fuqarosidan 557 ming nafari daromadli faoliyatga jalb qilingan. Qolgan 70 ming nafar migrantni o‘z xohish va istaklarini inobatga olgan holda ish bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning to‘rt oyida 275 ming oila kambag‘allik toifasidan chiqarilgan, birinchi yarim yillikda esa norasmiy ishlagan 615 ming kishining faoliyati legallashtirilgan. Hisobot davrida 294 ming kambag‘al oila, ya’ni 1,3 million kishi daromadini oshirishga qaratilgan 376 mingta xizmatdan foydalangan. Bu oilalar a’zolaridan 105 ming nafari doimiy ishga joylashtirildi, 259 ming kishi tadbirkorlikka jalb qilindi, yana 12 ming kishi kasb-hunarga o‘qitildi.
Ehtiyojmand oilalarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2 trillion so‘m kredit va 265 milliard so‘m subsidiya ajratildi. Chegaraoldi va anklav hududlardagi 563 ta mahallada daromadlarni oshirish hisobiga 84 ming kishi kambag‘allikdan chiqarilgan. Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda kambag‘al oilalarning 49 ming nafar farzandi IT, ingliz tili, elektron tijorat, SMM va grafik dizayn bo‘yicha bepul masofaviy kurslarda tahsil oldi, yana 125 ming bola qo‘shimcha mashg‘ulotlarga jalb qilindi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1-iyul holatida band aholi soni 11,6 million kishiga yetgan, yil boshidan buyon bu ko‘rsatkich 657 ming kishiga oshgan. Vazir mamlakat mehnat resurslarining 76 foizini, ya’ni 16 million kishini mehnat qilishga tayyor iqtisodiy faol aholi tashkil etishini ma’lum qildi. Birinchi yarim yillikda loyihaviy yondashuv asosida 469 ming kishi doimiy ishga joylashtirildi, 2,7 million kishining daromadi oshdi. Mahallalarda 103 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 246 ming kishi asosiy yoki qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ldi. Shundan 22 mingta loyihada kambag‘al oilalarning 30 ming nafar a’zosi tadbirkor yoki yollanma ishchi sifatida qatnashdi. Yil oxirigacha yana 60 mingta mikroloyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Birinchi yarim yillikda kichik va o‘rta biznesga 76 trillion so‘m kredit ajratildi, uning 19 trillion so‘mi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida berildi. Bu yil 1245 ta mahalla va 70 ta tuman infratuzilmasini yaxshilash uchun davlat budjetidan 9 trillion so‘m ajratildi, ushbu mablag‘lar hisobidan 3200 ta obyektda qurilish ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, 2653 ta xonadonda quyosh panellari o‘rnatildi, yana 1727 ta uy “yashil” standartlar asosida ta’mirlandi.
Vazir hokim yordamchilari faoliyatiga alohida to‘xtalib, fevraldan maygacha vazirlik va idoralarning rahbar xodimlari ishchi guruhlar tarkibida hududlarga chiqib, hokim yordamchilarini o‘qitishni tashkil qilganini ta’kidladi. 8785 nafar hokim yordamchisi tayyorgarlikdan o‘tdi, istiqbolli 209 nafar mutaxassis Yaponiya, Turkiya, Xitoy va Rossiyada malaka oshirishga yuborildi. Shuningdek, ularning faoliyatini baholashning yangi tizimi joriy etildi, unda ish miqdoriga emas, sifatiga asosiy e’tibor qaratiladi. Endi asosiy mezonlar — yaratilgan barqaror ish o‘rinlari, daromadini oshirgan oilalar hamda faoliyati barqarorlashgan tadbirkorlik subyektlari soni.
2026-yil oxirigacha yana 583 ming kishini doimiy ishga joylashtirish, 2 million kishining daromadini oshirish va norasmiy band bo‘lgan 661 ming kishining faoliyatini legallashtirish rejalashtirilgan. Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyati og‘ir bo‘lgan 37 ta tuman va 915 ta mahallada kambag‘allik darajasini kamida ikki baravar qisqartirish vazifasi qo‘yildi. Vazir ma’lumotiga ko‘ra, birinchi yarim yillik yakunida mamlakatda kambag‘allik va ishsizlik darajasi 4,5 foizgacha pasaygan.
25-avgust kuni Qonunchilik palatasi majlisida Jamshid Qo‘chqorov kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish ko‘rsatkichlariga izoh berar ekan, prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikka qarshi kurash natijalarini baholash yondashuvini o‘zgartirishni talab qilganini aytgan. Gazeta avgust oyida O‘zbekistonning qariyb 1,4 million fuqarosi 40 ga yaqin mamlakatda mehnat qilayotgani haqida xabar bergan edi. Ularning taxminan 60 foizi Rossiyada. Shu bilan birga, mehnat migratsiyasida MDH mamlakatlari ulushi kamayib, Yevropa va Sharqiy Osiyo yo‘nalishlarining ulushi oshgan.
Source: www.gazeta.uz