Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2024-yilda Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish uchun jalb qilinishi e’lon qilingan 10 milliard dollardan 2,5 milliardi Markaziy Osiyo infratuzilmasiga sarflangan yoki aniq loyihalar doirasida ajratilishi tasdiqlangan. Bu haqda Yevropa komissiyasining Xalqaro hamkorlik bosh direktoratiyasi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha direktori Peteris Ustubs ma’lum qildi. U O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan birga 30-sentabr kuni Toshkentda Transkaspiy transport koridori bo‘yicha ikkinchi milliy konferensiyaga raislik qildi.

Peteris Ustubsning aytishicha, e’lon qilingan moliyalashtirishning qolgan qismi hali loyihalarga yo‘naltirilishi kerak. “Moliyaviy imkoniyatlar bor. Biz hali ularning chegarasiga yetganimiz yo‘q, kelgusida o‘sish uchun imkoniyatlar, albatta, mavjud”, — dedi u. 10 milliard dollarlik dastlabki majburiyatlar 2024-yilda Bryusselda o‘tkazilgan investitsiya forumida e’lon qilingan. 2025-yil noyabrida Toshkentda bo‘lib o‘tgan keyingi forumda tomonlar ishlarning borishini baholab, aniq loyihalarni muhokama qilgan. Endi, Ustubsning so‘zlariga ko‘ra, e’lon qilingan mablag‘larni infratuzilmani qurish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirish muhim.

“Biz O‘zbekistonning ustuvor ehtiyojlarini yaxshiroq tushunishni, asosiy to‘siqlarni aniqlashni istaymiz. Agar ularning ayrimlarini bartaraf eta olsak, bu yanada yaxshi bo‘ladi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi, „Team Europe“ va xalqaro moliya institutlari moliyalashtirish, investitsiya va texnik ko‘makni jalb qilishda qanday yordam berishi mumkinligini muhokama qilmoqchimiz”, — dedi Yevropa komissiyasi vakili. U O‘zbekiston bilan temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini modernizatsiya qilish hamda qurish, logistika markazlarini rivojlantirish va mintaqa davlatlarining tizimlari bilan o‘zaro mos raqamli transport tizimini yaratish yo‘nalishlarida ish olib borilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, koridordagi mamlakatlar o‘rtasidagi chegara o‘tkazish punktlarini takomillashtirish bo‘yicha ham alohida ishlash kerakligini qo‘shimcha qildi.

Peteris Ustubsning aytishicha, yo‘lak muvaffaqiyatli ishlashi uchun infratuzilmani qurishning o‘zi kifoya qilmaydi: chegaradagi rasmiylashtiruv jarayonlarini tezlashtirish, davlatlar o‘rtasidagi muvofiqlashuvni kuchaytirish va tashuvchilar uchun barqaror shart-sharoit yaratish zarur. “Kelgusida koridor uchun asosiy to‘siq, ehtimol, uning samarali ishlashi bo‘ladi”, — dedi u. Transkaspiy koridori bo‘yicha muvofiqlashtiruv platformasining maqsadi — Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yuk tashish muddatini 15 kundan oshirmaslik.

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov mamlakatning ushbu koridorga qiziqishini tovarlarni yetkazib berish xarajatlari yuqoriligi bilan izohladi. “Transport xarajatlari mahsulotimiz tannarxining salmoqli qismini tashkil etadi. Shuning uchun transport va logistikani rivojlantirish prezident xalqaro tashriflar va muzokaralar davomida doim ko‘taradigan masalalardan biridir”, — dedi u jurnalistlarga. Ilhom Mahkamovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston O‘rta koridorni rivojlantirish bo‘yicha yirik strategik loyihalarni nafaqat mamlakat ichida, balki mintaqaviy miqyosda ham amalga oshirmoqda.

“Ayni paytda Gruziya portida O‘zbekistonning o‘z terminalini qurish loyihasi faol ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, Kaspiy dengizida o‘tkazish quvvatini oshirish uchun Ozarbayjonlik hamkorlar bilan qo‘shma korxona tashkil etish, yangi paromlar sotib olish va qatnovlar sonini ko‘paytirish loyihalarini amalga oshiryapmiz. Shu bilan birga, yo‘nalishning iqtisodiy jozibadorligini oshirish maqsadida CASCA+ multimodal yo‘nalishi doirasida temir yo‘l tashuvlariga 70 foiz chegirma joriy etildi. Bu yuk tashuvchilar va biznes uchun juda katta imkoniyat”, — dedi transport vaziri. Konferensiyada hukumat, xalqaro moliya institutlari va biznes vakillari temir va avtomobil yo‘llariga investitsiya kiritish, logistika markazlarini rivojlantirish, transport va savdo hujjatlarini raqamlashtirish masalalarini muhokama qildi. Alohida sessiyada xususiy kompaniyalarning takliflari va koridor orqali yuk tashishda duch kelayotgan to‘siqlari ko‘rib chiqildi.

Source: www.gazeta.uz