Yaponiya mezbonlik qilgan XX yozgi Osiyo o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi. Unda muvaffaqiyatli ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi maxsus charter reysi bilan Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Yuksak natijalarni qayd etgan atletlarni qarshi olish marosimida Bosh vazir Abdulla Aripov, sport sohasi mas’ullari, poytaxt ma’muriyati vakillari hamda yuzlab muxlislar ishtirok etdi. Hukumat rahbari sportchilarni erishilgan g‘alabalar bilan qutlab, Prezident Shavkat Mirziyoyevning samimiy tabrigini yetkazdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza — jami 70 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida faxrli beshinchi o‘rinni egalladi. Ushbu nufuzli qit’a forumida mamlakatimiz sharafini sportning 42 turi bo‘yicha 396 nafar mahoratli sportchi himoya qildi. Qayd etish joizki, milliy terma jamoa ketma-ket uchinchi marta Osiyo o‘yinlarida kuchli beshlikdan joy oldi hamda Markaziy Osiyo va Islom birdamligi tashkilotiga a’zo davlatlar orasida eng yaxshi ko‘rsatkichni namoyish etdi.
Ayniqsa, yakkakurash ustalari o‘zlarining yuksak mahorati bilan ajralib turishdi. Jumladan, erkin va yunon-rum kurashchilari delegatsiya hisobiga 4 ta oltin va 2 ta bronza medalini keltirgan bo‘lsa, boks bo‘yicha erkaklar terma jamoasi umumjamoa reytingida tengsiz ekanligini isbotlab, birinchi o‘rinni band etdi. Dzyudo va taekvondo ustalari esa umumiy hisobda faqat musobaqa mezboni hisoblangan Yaponiya vakillaridangina ortda qoldi.
Mazkur o‘yinlar yangi iqtidor egalarini ham kashf etdi. Jumladan, 90 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida boks bahslarida tengsiz deb topilib, jamoaga navbatdagi oltin medalni keltirgan To‘rabek Habibullayev, shuningdek, Shoxsanam Sherzodova, O‘tkirbek Jo‘rayev, Sita Qadamboyeva, Barnoxon Sayfullayeva, Sharifa Davronova, Aytjan Xalmaxanov, Jasurbek Jaysunov, Shahzoda Nurmatova hamda Sobir Safaraliyev singari yoshlar o‘zlarining munosib ishtiroki bilan mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘lishdi.
Qit’a miqyosidagi musobaqani muvaffaqiyatli yakunlagan o‘zbekistonlik atletlar uchun bu marra to‘xtash nuqtasi emas. Terma jamoa a’zolari endilikda yangi sikl doirasidagi nufuzli xalqaro musobaqalar, xususan, 2028-yilda Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning yangi bosqichiga kirishadi.
Source: podrobno.uz