Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yaponiyada bo‘lib o‘tgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi poytaxt Toshkentga yetib keldi. Yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilar davlat tomonidan maxsus tashkil etilgan charter reysi orqali vatanimizga qaytarildi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida chempion va sovrindorlarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat vakillari, Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Milliy paralimpiya qo‘mitasi rahbariyati, Toshkent shahar hokimligi, keng jamoatchilik vakillari, sportchilarning ota-onalari va ko‘plab muxlislar katta tantana bilan qarshi oldi.

Tantanali marosimda Bosh vazir Abdulla Aripov so‘zga chiqib, butun mamlakat nomidan terma jamoamiz a’zolarini XX Osiyo o‘yinlarida erishilgan tarixiy va salmoqli natijalar bilan samimiy muborakbod etdi. Shuningdek, tadbir doirasida sportchilarga davlatimiz rahbarining tabriknomasi yetkazildi. Unda vatandoshlarimizning xalqaro sport maydonlaridagi yuksak mahorati, matonati va o‘zbek sportining nufuzini yuksaltirishga qo‘shgan ulkan hissasi alohida ta’kidlangan.

O‘z navbatida, o‘yinlarda yuksak natijalarni qayd etgan sportchilar va ularning murabbiylari yurtimizda jismoniy tarbiya hamda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor, yaratib berilayotgan barcha shart-sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi. Atletlar kelgusi xalqaro musobaqalarda ham O‘zbekiston bayrog‘ini eng baland cho‘qqilarga ko‘tarishga va’da berishdi.

Source: uznews.uz