O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Janubiy Koreyaga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Murabbiy Jahon chempionatidan keyingi tarkibiy va taktik o‘zgarishlar, jamoada shakllanayotgan sog‘lom raqobat muhiti hamda yosh iqtidorlar rivojlanishi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Kannavaro safardagi o‘yin murakkab kechishini tan olgan holda, unda ijobiy natija qayd etish terma jamoa uchun o‘ta muhim ekanini ta’kidladi.
Bosh murabbiy Jahon chempionatida qayd etilgan uchta mag‘lubiyat jamoa uchun jiddiy saboq bo‘lganini qayd etdi. Turnirdan so‘ng taktik formatsiya o‘zgartirilib, jamoaga yangi g‘oyalar singdirilgan. Ushbu o‘zgarishlar o‘z samarasini berib, Eron va Suriyaga qarshi so‘nggi ikki uchrashuvda g‘alaba qozonildi. Kannavaroning so‘zlariga ko‘ra, yirik musobaqada qatnashish futbolchilarning ruhiyatini toblagan bo‘lib, endilikda erishilgan yuqori darajani saqlab qolish va har yili o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yish talab etiladi.
Shuningdek, mutaxassis yosh futbolchilarni yetishtirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning fikricha, 17 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan iqtidorlar Superliganing yetakchi klublarida muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi shart. O‘zbek futboliga xos bo‘lgan kurashuvchanlik, jangovar ruh va agressiv o‘yin uslubini milliy terma jamoada to‘liq qo‘llash rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, 90 daqiqa davomida yuqori pressing va intensivlikni saqlab qolish uchun jismoniy tayyorgarlik ustida jiddiy ish olib borilayotgani bildirildi.
Kannavaro terma jamoada doimiy ravishda 13–14 nafar o‘yinchi harakat qilsa, raqobat yo‘qolishini uqtirdi. Shu sababli yangi yuzlar va iqtidorli yoshlarni jalb etish orqali tarkibda do‘stona raqobat muhiti saqlanib qoladi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Janubiy Koreya terma jamoalari o‘rtasidagi bahs 6-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da start oladi.
Source: www.gazeta.uz