Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Poytaxtimizning Mirobod va Mirzo Ulug'bek tumanlarida yashovchi minglab aholi xonadonlarida 28-oktabr kuni tabiiy gaz ta'minoti vaqtincha to'xtatilishi kutilmoqda. Ushbu noqulayliklar Taras Shevchenko ko'chasida qurib bitkazilgan yangi yer osti gaz quvurini umumiy tarmoqqa ulash bo'yicha rejalashtirilgan qurilish-montaj ishlari olib borilishi bilan izohlanmoqda.

Hududgaz Poytaxt matbuot xizmatining tarqatgan ma'lumotlariga ko'ra, gaz ta'minotidagi vaqtinchalik uzilishlar dushanba kuni soat 10:00 dan 18:00 gacha davom etadi. Ta'minotni qayta tiklash ishlari texnik qoidalarga muvofiq bosqichma-bosqich amalga oshirilishi va ishlar yakunlangach, gaz bosimi to'liq berilishi aytilmoqda.

Xususan, Mirobod tumanidagi «Oybek» MFY hududidagi ko'p qavatli uylar va xususiy sektorda gaz o'chiriladi. Bu hududda jami sakkizta ko'p qavatli uy (taxminan 1,7 mingta xonadon) hamda 16 ta yakka tartibdagi uy-joylar vaqtincha gazsiz qolishi ma'lum qilindi.

Shu bilan birga, Mirzo Ulug'bek tumanida ham bir qator mahallalarda cheklovlar joriy etiladi. Xususan, «Oqibat» MFYdagi to'qqizta ko'p qavatli uyda (qariyb 1,9 ming xonadon) va «Nur» MFYdagi 11 ta ko'p qavatli uyda (taxminan 2,1 ming xonadon) gaz ta'minoti vaqtincha uzib qo'yilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, «Afrosiyob», «Lolazor», «Farovon» va «Ming O'rik» mahallalarida ham tarmoqdagi bosimning pasayishi kuzatiladi. Shuningdek, Mirzo Ulug'bek tumanining «Oqibat» va «Nur» mahallalarida joylashgan jami 18 ta ulgurji iste'molchilar ham mazkur vaqtinchalik cheklovlar ta'siriga tushishi kutilmoqda.

Source: podrobno.uz