Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ tomonidan yo‘lovchilar talab va ehtiyojlarini qondirish hamda ichki turizmni yanada rivojlantirish maqsadida Toshkent va Xiva shaharlari o‘rtasida qo‘shimcha «Jaloliddin Manguberdi» tezyurar elektropoyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Mazkur poyezd haftasiga ikki marotaba har ikki yo‘nalishda muntazam ravishda harakatlanadi.

«Temiryo‘lekspress» ma’lumotlariga ko‘ra, 754-sonli «Toshkent – Xiva» yo‘nalishidagi poyezd payshanba va shanba kunlari poytaxtdan soat 11:20 da yo‘lga chiqib, Xivaga soat 19:51 da yetib boradi. Qarama-qarshi yo‘nalishdagi 753-sonli «Xiva – Toshkent» poyezdi esa juma va yakshanba kunlari soat 11:00 da harakatlanishni boshlab, Toshkent shahriga soat 19:36 da kirib keladi.

Shu bilan birga, aviaparvozlar va temiryo‘l qatnovlari o‘rtasida qulay transferni ta’minlash maqsadida Xiva hamda Urganch xalqaro aeroporti o‘rtasida ham maxsus poyezdlar jadvali tashkil etildi. Xususan, 7055-sonli «Urganch xalqaro aeroporti – Xiva» poyezdi juma va yakshanba kunlari soat 09:00 da yo‘lga chiqib, Xivaga 09:42 da yetib borishi belgilangan. 7056-sonli «Xiva – Urganch xalqaro aeroporti» poyezdi esa payshanba va shanba kunlari soat 21:00 da harakatlanib, aeroportga 21:42 da manziliga yetib keladi.

Ma’muriyat yo‘lovchilardan o‘z sayohatlarini rejalashtirishda ushbu yangilangan qatnov jadvalini inobatga olishlarini so‘ramoqda. Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekiston temir yo‘llari» Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi bilan sakkizta yangi tezyurar poyezd xarid qilish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. Ushbu tarkiblarning har birida alohida VIP-vagonlar hamda zamonaviy qulayliklar bo‘lishi rejalashtirilgan.

Source: podrobno.uz