Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher Toʻxtayev Islomobod shahrida “Maroof International Hospital” rahbari Nosir Ahmad bilan muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuv chogʻida mamlakatimizda zamonaviy diagnostika markazi hamda ixtisoslashtirilgan tibbiy klinikani tashkil etish istiqbollari atroflicha koʻrib chiqildi.

Tomonlar sogʻliqni saqlash, tibbiy taʼlim va tibbiy turizm yoʻnalishlarida amaliy aloqalarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, Pokiston tomoni Oʻzbekistonda shunday investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdor ekanini maʼlum qildi, biroq loyihaning aniq muddati va moliyaviy hajmi hozircha ochiqlanmagani aytilmoqda.

Shuningdek, hamkorlikning boshlangʻich bosqichida mahalliy tibbiyot texnikumlari bazasida 3–6 oylik qisqa muddatli oʻquv dasturlarini yoʻlga oshirish taklif etildi. Bu orqali hamshiralar, laboratoriya xodimlari va shoshilinch yordam mutaxassislarini xalqaro talablar asosida tayyorlash koʻzda tutilgan.

Muzokaralar chogʻida Buxoro viloyatida Janubiy Koreya texnologiyalari asosida ishlab chiqarilayotgan koronar stentlarni Pokiston bozoriga olib kirish masalasi ham muhokama qilindi. Pokistonlik tadbirkor ushbu mahsulotlarga qiziqish bildirgan boʻlib, bu farmatsevtika sohasidagi eksport salohiyatini oshirishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, ikki mamlakat fuqarolari uchun tibbiy turizmni rivojlantirish, jumladan, pokistonlik bemorlarni Oʻzbekistonda davolash hamda “Maroof International Hospital” bazasida oʻzbekistonliklar uchun xizmatlarni kengaytirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Source: kun.uz