Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent davlat texnika universiteti va boshqa oliygohlarning viloyatdan kelib o‘qiyotgan 300 nafarga yaqin talabasi yotoqxona uchun oldindan to‘lov qilganiga qaramay, binodan favqulodda chiqarib yuborildi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va universitet ma’muriyati vakillari ishtirokidagi bu majburiy chora kechki payt amalga oshirilgan bo‘lib, ko‘chada qolganlar orasida qizlar ham borligi jamoatchilikda keskin e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur talabalar turar joyi davlat-xususiy sheriklik asosida bunyod etilgan bo‘lib, biroq uning kadastr hujjatlari hali to‘liq rasmiylashtirilmagan va tegishli ruxsatnomalar olinmagan. Shunga qaramay, tadbirkor tomonidan talabalar binoga joylashtirilib, ulardan mablag‘ undirilgan. Oliy ta’lim vazirligi esa obyekt rasman foydalanishga topshirilmagani va tegishli yo‘llanmalarsiz kiritilganini bildirdi.

Jabrlangan talabalarning so‘zlariga ko‘ra, ularga bir kun oldin ogohlantirish berilib, 6-oktabr kuni kechqurun bino to‘liq bo‘shatdirilgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari va prokuratura vakillari kelib talabalarni chiqarib yuborgan, biroq ularning keyingi taqdiri yoki boshpana masalasida hech qanday amaliy yechim taklif etilmagan. Pulini to‘lagan yoshlar tunni qayerda o‘tkazishni bilmay ovora bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan mas’ul idoralar bir-biriga mas’uliyatni ag‘darmoqda. Talabalar Oliy ta’lim vazirligiga murojaat qilganida, bu masala ichki ishlar organlari va litsenziya masalasi ekanligi aytilib, aniq yordam ko‘rsatilmagan. Hozirda yotoqxonasiz qolgan yuzlab yoshlarning to‘lagan pullari va ularning keyingi taqdiri qanday hal etilishi noma’lumligicha qolmoqda.

Source: kun.uz