So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Irkutsk shahrida o‘lat kasalligiga gumon qilingan holat qayd etilgani haqida xabarlar tarqalishi ortidan, O‘zbekistonda sanitariya-epidemiologik vaziyat to‘liq nazoratga olingani ma'lum qilindi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi vakillarining ta'kidlashicha, respublika hududida bu boradagi vaziyat barqaror bo‘lib, xavotirlanishga hozircha hech qanday asos topilmagan.
Sanitariya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatga o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar kirib kelishi hamda tarqalishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida jami 53 ta sanitariya nazorat punkti uzluksiz faoliyat yuritmoqda. Xalqaro aeroportlar, temir yo‘l stansiyalari va avtomobil yo‘llaridagi o‘tish joylarida xorijdan kirib kelayotgan shaxslar ustidan doimiy tibbiy kuzatuvlar olib borilmoqda.
Rossiya rasmiy idoralari va Jahon sog‘ni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, Irkutsk viloyatida laboratoriya xodimining o‘limiga sabab bo‘lgan holat yuzasidan tekshiruvlar davom etmoqda. Mutaxassislar o‘limning aniq sabablari va uning o‘lat kasalligiga aloqadorligi hozircha to‘liq tasdiqlanmaganini, marhuma bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarda esa xavfli infeksiyalar aniqlanmaganini bildirishmoqda.
Shunga qaramay, O‘zbekistondagi hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmatlarining o‘ta xavfli kasalliklarni aniqlashga ixtisoslashgan barcha laboratoriyalari zarur diagnostik vositalar, reagent va reaktivlar bilan to‘liq ta'minlangan bo‘lib, har qanday ehtimoliy xavfning oldini olishga tayyor holatga keltirilgan.
Source: www.gazeta.uz