Toshkent davlat texnika universitetining davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida barpo etilgan yotoqxonasida favqulodda holat yuzaga keldi. Joriy yilning 6-oktabr kuni kechki payt mazkur zamonaviy binodan 300 nafarga yaqin talaba shoshilinch ravishda chiqarib yuborildi. Jabrlangan yoshlarning so'zlariga ko'ra, ular turar joy uchun to'lovni oldindan to'liq amalga oshirgan bo'lishiga qaramay, bino ma'muriyati va mas'ul idoralar vakillari tomonidan kutilmaganda qattiq talablar qo'yilgan.
Hodisa joyiga Toshkent davlat texnika universiteti prorektori, shuningdek, prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlari yetib kelib, binoni darhol bo'shatishni talab qilishgan. Talabalarning ta'kidlashicha, ularga bu holatda hech qanday muqobil yechim yoki vaqtincha boshpana taklif etilmagan. "Biz pulni oldindan to'laganmiz, kecha esa yotoqxonani bir kun ichida tark etishimizni aytishdi. "Tepadan buyruq bo'lgan", degan vaj bilan hamma narsani tashlab chiqishga majbur qilishdi", deya shikoyat qilishgan talabalar.
Qizlar va boshqa viloyatlardan kelib o'qiyotgan yoshlar tunda qayerga borishlarini bilmay qolganliklarini, moliyaviy imkoniyati borlar hostelga, tanishi borlar esa o'ziga yaqin kishilarnikiga ketishga majbur bo'lganini bildirishgan. Talabalar haqli ravishda e'tiroz bildirib, agar binoning litsenziyasi yoki tegishli hujjatlari bo'lmagan bo'lsa, nega ulardan oldindan pul yig'ilib, xonadonlarga joylashtirilgani haqida savol qo'yishgan.
O'z navbatida, Ta'lim va ilm-fan vazirligi matbuot xizmati yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan rasmiy izoh berdi. Ma'lum qilinishicha, talabalar shaharchasida joylashgan ushbu obyekt hali rasman foydalanishga topshirilmagan bo'lib, tadbirkorning talabalarni o'zboshimchalik bilan joylashtirgani haqida universitet ham, vazirlik ham oldindan xabardor qilinmagan.
Vazirlik ma'lumotlariga ko'ra, obyektning kadastr hujjatlari hali to'liq rasmiylashtirilmagan, zarur ruxsatnomalar olinmagan hamda bino ichida issiq suv va isitish tizimlari to'liq ishga tushirilmagan. Shuningdek, tadbirkor belgilangan tartib-qoidalarni buzib, my.gov.uz orqali maxsus yo'llanma olmagan talabalarni ham joylashtirgani aniqlangan.
Rasmiy idoralar talabalar xavfsizligini ta'minlash maqsadida bino to'liq bo'shatilganini ma'lum qildi. Toshkent davlat texnika universitetining o'z talabalari universitetning boshqa bo'sh turar joylariga vaqtincha ko'chirilgan, boshqa OTM vakillari esa o'z muassasalariga qaytarilgan. Shuningdek, tadbirkor tomonidan talabalardan undirilgan mablag'lar 100 foiz miqdorida to'liq qaytarib berilgani qo'shimcha qilindi.
Source: www.gazeta.uz