Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Rossiyadan O‘zbekistonga avtobus orqali qaytishni rejalashtirayotgan fuqarolar o‘rtasida noxush holatlar ko‘paygani ma’lum qilindi. O‘zbekiston Transport vazirligining rasmiy ogohlantirishiga ko‘ra, ayrim firibgarlar “Uzautotrans service” kompaniyasining nomi va ramziy belgilaridan noqonuniy ravishda foydalangan holda yo‘lovchilarni aldab kelmoqda.

Surishtiruvlar davomida aniqlanishicha, bu kabi shaxslar ijtimoiy tarmoqlar hamda YouTube platformasida kompaniya avtobuslarining fotosuratlari va videolarini tarqatib, go‘yo rasmiy qatnovlar tashkil etilayotganini ko‘rsatishga urinmoqda. Ular fuqarolarga kassalarda barcha chiptalar sotib bo‘linganini iddao qilib, asl qiymatidan bir necha barobar qimmat narxlarda soxta chiptalarni pullamoqda.

Vaziriyatning eng xavfli jihati shundaki, soxta chiptalarni xarid qilgan fuqarolar oxir-oqibat hech qanday kafolati yo‘q noqonuniy tashuvchilarning avtobuslariga o‘tqazib yuborilmoqda. Bu esa yo‘lovchilarning xavfsizligi va huquqiy himoyasiga jiddiy tahdid solishi mumkinligi ta'kidlandi.

Shu munosabat bilan, Transport vazirligi fuqarolarga qatnovlar jadvali va qoidalari haqida yana bir bor eslatib o‘tdi. Xususan, “Uzautotrans service” avtobuslari Moskvadagi “Novoyasenevskaya” va “Kotelniki” avtostansiyalaridan Toshkent avtovokzaliga faqat dushanba va payshanba kunlari qatnovlarni amalga oshiradi.

Shuningdek, chiptalarni faqatgina ko‘rsatilgan avtostansiyalarning rasmiy kassalaridan yoki ularning ishonchli onlayn platformalari va ilovalari orqali xarid qilish zarurligi eslatildi. Joriy narxlarga ko‘ra, doimiy qatnovlar uchun chipta qiymati 8500 rublni, qo‘shimcha reyslar uchun эса 7000 rublni tashkil etadi.

Source: www.gazeta.uz