Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida respublika miqyosida huquq-tartibot idoralari tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijalari yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda ta’kidlanishicha, hisobot davrida qidiruvda bo‘lgan qariyb 8 ming nafar shaxs qo‘lga olingan, shuningdek, bedarak yo‘qolgan 4863 nafar fuqaro topilib, oilalariga qaytarilgan. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashrapovning ma’lum qilishicha, mamlakatda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada kamaygan.

Xususan, yoshlar ishtirokidagi jinoyatlar 24 foizga, ayollar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar 20,7 foizga, ishsizlar jinoyatchiligi esa 21,1 foizga qisqargani qayd etildi. Shuningdek, giyohvandlik va psixotrop moddalar savdosiga qarshi kurashish doirasida 13 mingdan ortiq jinoyat aniqlanib, noqonuniy muomaladan 3 tonnadan ziyod giyohvandlik vositalari olib qo‘yilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan 19 ta yashirin narkolaboratoriya va 122 ta uyushgan narkojinoiy guruhning faoliyatiga chek qo‘yilgani ma’lum qilindi.

Anjuman davomida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xodimlar va fuqarolarning harakatlariga oid bahsli holatlar ham muhokama markazida bo‘ldi. Vazirlik vakillari joriy yilda ichki ishlar xodimlariga aloqador 245 ta salbiy xabar tarqalgani, biroq ularning atigi 7 foizidagina xodimlar haqiqatan ham noo‘rin harakat qilgani tasdiqlanganini bildirdi. Shuningdek, yo‘llardagi nizolar va oilaviy-maishiy kelishmovchiliklarning oldini olish borasida profilaktik tadbirlar davom etayotgani, xususan, ayollarga 200 mingga yaqin himoya orderi berilgani qo‘shimcha qilindi.

Source: www.gazeta.uz