O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bosh vazirga Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari ortidan qolgan barcha vazirliklar va davlat tashkilotlarini ham bosqichma-bosqich Yangi Toshkentga ko'chirishni boshlash bo'yicha qat'iy topshiriq berdi. Mazkur tashabbus mamlakat rahbarining investorlar va tadbirkorlar bilan o'tkazilgan uchrashuvida alohida ta'kidlanib, shaharning ishbilarmonlik muhitini shakllantirishda davlat idoralarining ko'chishi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Ma'lum qilinishicha, hozirgi kunda Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari yengil konstruksiyali zamonaviy binolarda o'z faoliyatini olib bormoqda. Shuningdek, turli vazirlik hamda idoralarning 2,6 ming nafar xodimi uchun maxsus 9 ta yangi bino qurilishi jadal davom etmoqda. Bosh vazirga qolgan davlat tashkilotlarining ko'chish jarayonini tezlashtirish yuklatildi, zarur hollarda esa ularning poytaxtdagi mavjud binolarini buzib qayta qurish huquqisiz, faqat joriy ta'mirlab foydalanish sharti bilan sotish masalasi ko'rib chiqilishi belgilandi.
Yangi shaharda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va aholi uchun qulay sharoitlar yaratish masalalariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yil oxirigacha Yangi Toshkentda 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan bo'lib, bu kamida 70 ming kishi uchun zamonaviy yashash muhitini yaratish demakdir. Prezident aholiga dam olish, sport, savdo, ta'lim va tibbiyot xizmatlari turar joylar bilan bir vaqtda zarur bo'lishini ta'kidlab o'tdi.
Shuningdek, yangi shahrida xalqaro standartlarga va FIFA talablariga to'liq javob beradigan 55 ming o'rinli yirik stadion bunyod etilmoqda. Ushbu sport majmuasi kelgusi yili o'tkzilishi rejalashtirilgan 20 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi jahon chempionatining asosiy arenalaridan biri bo'lishi kutilmoqda. Tashrif buyuruvchilar va mehmonlar uchun mehmonxona, kafe, restoran hamda ko'ngilochar maskanlarga bo'lgan ehtiyojni aniq hisoblab chiqib, tadbirkorlarga ochiq holda taqdim etish vazifasi qo'yildi.
Source: www.gazeta.uz