Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yangi Toshkent shahrini barpo etish jarayonida jiddiy muammolar va byurokratik toʻsiqlar saqlanib qolayotgani maʼlum boʻldi. Xususan, investorlarga ajratilgan 28 ta yer lotida hamon faol qurilish ishlari boshlanmagani qattiq tanqid ostiga olindi.

Mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev bu holatni faqatgina sarmoyadorlarda mablagʻ yoki xohish yoʻqligi bilan izohlash mutlaqo notoʻgʻri ekanini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, asosiy sabablar eskirgan talablar va ruxsatnomalarni olish jarayonlarining asossiz ravishda choʻzilib ketayotganidir.

Shuningdek, Yangi Toshkent konsepsiyasiga oid xavotirlar ham bildirildi. Hozirgi kunda ajratilgan yerlarning uchdan ikki qismi faqat uy-joy qurilishiga toʻgʻri kelmoqda. Holbuki, yangi shahar faqatgina turar joylar hududi boʻlib qolmasligi, balki zamonaviy biznes, taʼlim, tibbiyot va turizm maskaniga aylanishi zarur.

Ayrim idoralarning tadbirkorlarga nisbatan hamkor emas, balki nazoratchi sifatida munosabatda boʻlishi vaziyatni yanada ogʻirlashtirmoqda. Prezident ogohlantirganidek, investorlar kutishni istamaydi va zarur yordamni koʻrmasa, oʻz kapitalini boshqa bozorlarga olib chiqib ketadi.

Shu munosabat bilan, yer ajratishdan boshlab loyihani toʻliq ishga tushirishgacha boʻlgan barcha bosqichlarni tubdan qayta koʻrib chiqish vazifasi qoʻyildi. Qayd etilishicha, talab yuqori boʻlib, yer qiymati sezilarli darajada oshganiga qaramay, amaliy ishlar surʼati talab darajasida emas.

Source: kun.uz