Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Yangi Toshkent shahri qurilishini jadallashtirish va investorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish masalalariga bagʻishlangan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi. Davlat rahbari oʻz nutqida mazkur ulkan loyihaga xususiy sektorni jalb etish surʼatlari amaldagi imkoniyatlarga mutlaqo mos emasligini alohida taʼkidlab, masʼullarning ishiga tanqidiy baho berdi.

Maʼlum qilinishicha, yangi shahar bunyod etilishi uchun jami 20 ming gektar yer maydoni ajratilgan boʻlishiga qaramasdan, hozirgi kunga qadar mahalliy va xorijiy tadbirkorlarga atigi 94 gektar yer berilgan xolos. Ayni paytda ming gektardan ziyod hududda qurilish ishlari asosan davlat byudjeti va davlat mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Oʻtgan uch yil davomida boshlangan ushbu keng koʻlamli loyihaga 2 milliard dollardan ortiq sarmoya yoʻnaltirilib, infratuzilma, oliy taʼlim muassasalari, stadionlar hamda kutubxonalar kabi muhim ijtimoiy obyektlar qurilishi boshlab yuborildi. Biroq, tadbirkorlar duch kelayotgan yer ajratish jarayonlaridagi byurokratiya, ruxsatnomalar olishdagi qiyinchiliklar va toʻlovlar bilan bogʻliq muammolar investitsiya oqimini sekinlashtirmoqda.

Mutasaddilarning taʼkidlashicha, Yangi Toshkent loyihasining dastlabki bosqichida 6 ming gektar maydonda umumiy qiymati 50 milliard dollarlik turli loyihalarni hayotga tatbiq etish rejalashtirilgan. Shuningdek, kelgusida hududda yangi xalqaro aeroport qurilishini ham hisobga olgan holda, umumiy investitsiya salohiyatini 200 milliard dollarga yetkazish uchun ulkan zaxiralar mavjudligi eʼlon qilindi.

Source: kun.uz