Joriy yilning 16-oktabridan boshlab mamlakatimizda ichki yoʻnalishlardagi havo transporti chiptalari narxlari oʻrtacha 20 foizgacha pasaytirildi. Ushbu o'zgarish Raqobat qoʻmitasi tomonidan amalga oshirilgan keng qamrovli oʻrganishlar va tahlillar natijasida yuzaga kelgani ma'lum qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur tashabbus Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlari ijrosini taʼminlash doirasida hayotga tatbiq etilgan. Raqobat qoʻmitasi mutaxassislari aviatsiya bozoridagi ichki aviaqatnovlar uchun mavjud tariflarni, narx shakllanish mexanizmlarini hamda fuqarolarning xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini chuqur tahlil qilgan.
Oʻrganish jarayonida parvozlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarni optimallashtirish yoʻllari topildi. Xarajatlarni maqbullashtirish hisobiga aviachiptalar qiymatini tushirish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqilib, tegishli idoralar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi va "Uzbekistan Airways" AJ bilan hamkorlikda yangi tariflar joriy etildi.
Mas'ul idoralarning fikricha, bu kabi chora-tadbirlar aholi uchun havo qatnovlarini yanada qulay va hamyonbop qilishga, mamlakat ichki turizmini jadal rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, hududlar oʻrtasidagi transport aloqalarini kengaytirish hamda fuqarolarning shaxsiy safarlarini rejalashtirishda qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilishi kutilmoqda.
Source: kun.uz