Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident topshiriqlarini ijro etish maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo'mitasi ichki yo'nalishlardagi aviaqatnovlar amaldagi tariflari, narxlarni shakllantirish mexanizmlari hamda xizmatlar foydaliligini o'rganib chiqdi. Qo'mita matbuot xizmatining xabar berishicha, tahlillar davomida tashish jarayoni bilan bog'liq xarajatlarni optimallashtirish imkoniyatlari aniqlangan.

O'rganish natijalariga ko'ra, xarajatlarni qisqartirish hisobiga ichki yo'nalishlardagi aviachiptalar narxini pasaytirish bo'yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Ma'lum qilinishicha, mazkur tashabbuslar yuqori idoralar tomonidan to'la qo'llab-quvvatlangan va amaliyotga joriy etish choralari ko'rilgan.

Natijada Raqobat qo'mitasi «Uzbekistan Airways» AJ bilan hamkorlikda ichki aviareyslar uchun belgilangan tariflarni qayta ko'rib chiqdi. Joriy yilning 16-oktabridan boshlab mahalliy yo'nalishlardagi aviachiptalar qiymati o'rtacha 20 foizgacha arzonlashtirilishi belgilandi.

Mutasaddilarning fikricha, ushbu chora-tadbirlar aholi uchun havo transportida harakatlanishni yanada qulay va hamyonbop qilishga, mamlakat ichki turizmini rivojlantirishga hamda hududlararo transport aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi. Qo'mita vakillari aholi manfaatlariga ta'sir ko'rsatadigan bozorlarni tahlil qilish ishlari izchil davom etishini bildirdi.

Source: uznews.uz