Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yangi Toshkent shahrini barpo etish doirasida mamlakatimizning poytaxtdan tashqari 13 ta hududiga 100 gektardan maxsus yer maydonlari ajratilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Toshkent shahrining har bir tumaniga ham xuddi shunday hajmda yer uchastkalari biriktirilgan boʻlib, bu boradagi ishlar qizgʻin tus olmoqda.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, tuman hokimlari oʻz hududidagi tadbirkorlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, mazkur maydonlarga yangi investitsiya loyihalarini jalb etishi talab etiladi. Ushbu hududlarda amalga oshiriladigan barcha investitsiyalar bevosita tegishli hudud yoki poytaxt tumanining iqtisodiy koʻrsatkichlarida oʻz aksini topadi.

Eʼtiborli jihati shundaki, biriktirilgan maydonlardagi yer uchastkalari boʻyicha oʻtkaziladigan ilk auksion savdolari faqatgina oʻsha hudud yoki tuman tadbirkorlari uchun imtiyozli ravishda tashkil etiladi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent nafaqat poytaxt, balki butun mamlakat ishbilarmonlari uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanishi zarurligini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, xorijiy sarmoyadorlar uchun ham alohida 50 ta dastlabki lot belgilangani maʼlum qilindi. Ularning joylashuvi, loyiha imkoniyatlari, iqtisodiy hisob-kitoblari va yangi imtiyozlarni qamrab olgan tayyor takliflar paketi mamlakatimizning xorijdagi elchixonalariga yetkazilib, xalqaro investorlarni jalb qilish vazifasi qoʻyildi.

Source: kun.uz