O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Samarqand shahridagi «Shirin» massivini barpo etish ishlari sust kechayotganidan jiddiy noroziligini bildirdi. Mazkur loyiha Yangi Toshkent qurilishi boshlangan kun bilan bir vaqtda boshlanganiga qaramay, hududda kutilgan sur’at va rivojlanish kuzatilmagani qayd etildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, tadbirkorlarga atigi 19 gektar yer maydoni ajratilgan, xolos, qolgan ulkan hududlar esa hanuzgacha bo‘sh yotibdi. Bundan tashqari, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha belgilangan muhim vazifalar ham o‘z vaqtida bajarilmagani ma’lum bo‘ldi. Xususan, massivni Samarqand shahar markazi bilan bog‘lashi lozim bo‘lgan ko‘prikni 1-sentyabrgacha ishga tushirish rejalashtirilgan edi, biroq qurilish ishlari oxiriga yetkazilmagan.
Shuningdek, viloyat hokimligi hamda boshqarma binolarini yangi hududga ko‘chirish ishlari ham umuman boshlanmagani tanqid qilindi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, davlat idoralari tomonidan faollik ko‘rsatilmayotgani mazkur massivga sarmoya kiritish istagida bo‘lgan tadbirkorlarning qarorlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Investorlarni jalb etish va qurilish jarayonini tezlashtirish maqsadida Yangi Toshkent loyihasi uchun ko‘zda tutilgan imtiyozlar va qulayliklar «Shirin» massiviga ham tatbiq etilishi belgilandi. Investorlarga aniq loyihalar taqdim etilib, ularni hayotga tatbiq etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi shartligi ta'kidlandi.
Source: podrobno.uz