Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Yangi Toshkent hududida xizmat koʻrsatish va ijtimoiy obyektlar qurilishini jadal ragʻbatlantirish maqsadida infratuzilma toʻlovlarini keskin kamaytirish boʻyicha yangi tartib tasdiqlandi. Ushbu imtiyozli mexanizm ilgari boshlangan loyihalarga ham tatbiq etilishi koʻzda tutilgan.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning taqdim etgan maʼlumotlariga koʻra, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev turar joy binolarini barpo etish bilan bir qatorda shahar infratuzilmasiga xizmat qiladigan mehmonxonalar yoki savdo majmualarini qurish oʻziga xos iqtisodiy farqlarga ega ekanini qayd etgan.

Shu munosabat bilan, infratuzilma toʻlovining bazaviy stavkasi savdo, servis hamda biznes markazlari uchun 3 barobarga, mehmonxona va turizm yoʻnalishidagi obyektlar uchun esa 5 barobarga qisqartiriladi. Madaniy hamda koʻngilochar maskanlarni barpo etishda esa bu koʻrsatkich 10 barobargacha kamaytirilishi belgilandi.

Shuningdek, xususiy tartibdagi bogʻcha, maktab va zamonaviy shifoxonalar uchun infratuzilma toʻlovi ramziy maʼnoda atigi 1 foiz etib belgilanmoqda. Dunyoning yetakchi arxitektorlari tomonidan ishlab chiqilgan oʻziga xos loyihalar uchun esa tezkor tartib joriy etilib, byurokratik toʻsiqlar qisqartiriladi.

Yangi Toshkentni haqiqiy «yashil shahar»ga aylantirish borasida ham muhim qarorlar qabul qilindi. Qiymati 50 million dollardan yuqori boʻlgan noturar joy loyihalari uchun «yashil» sertifikat olish xarajatlari toʻliqligicha davlat tomonidan qoplab berilishi maʼlum qilindi.

Source: kun.uz