Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni qiymati bir milliard dollarlik yettita obyektni ishga tushirish hamda qiymati 2,5 milliard dollarlik yana o‘nta loyihaga tamal toshini qo‘yish marosimida qatnashdi. Yangi Toshkent hududida keng ko‘lamli qurilish va infratuzilmani rivojlantirish ishlari jadal davom etmoqda.

Foydalanishga topshirilgan obyektlar qatoriga “Sharq bahori” turar-joy majmuasining birinchi navbati, “Yangi Toshkent” podstansiyasi, trigeneratsiya stansiyasi, Savdo-sanoat palatasi binosi, “Sohil bog‘i” hamda ikki ming o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy maktab kirdi. Shuningdek, muhim yo‘l-muhandislik tarmoqlari ham qurib bitkazildi.

Xususan, 73 million dollarlik trigeneratsiya stansiyasi Turkiyaning MIMSAN kompaniyasi ishtirokida barpo etildi. U 100 ming xonadonni markazlashtirilgan issiqlik va sovitish tizimi bilan ta’minlashi, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. Xitoyning Haocheng Industry Group Limited kompaniyasi bilan hamkorlikda qiymati 95 million dollarlik podstansiya va yuqori voltli tarmoqlar qurildi.

Loyihaning ikkinchi bosqichida yuqori texnologiyalar va yarimo‘tkazgichlarga ixtisoslashgan Deep Tech Park sanoat zonasini barpo etish boshlanadi. Unga dastlab 320 million dollar yo‘naltirilishi, kelgusida esa bu hududdagi umumiy loyihalar qiymati 1,7 milliard dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, poytaxt bilan Yangi Toshkentni bog‘lovchi ko‘prik, yo‘l o‘tkazgich va o‘n kilometrlik avtomobil yo‘li quriladi. Metropoliten stansiyalari bilan bog‘lanadigan yer osti avtoturargohini barpo etish ham ko‘zda tutilgan, biroq mutaxassislar bunday ulkan loyihalarning moliyaviy barqarorligi va qat'iy muddatlarda bajarilishi yuzasidan o'z xavotirlarini bildirishmoqda.

Source: podrobno.uz