Oʻzbekiston Markaziy bankining Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan sentabr oyi davomida amalga oshirilgan faoliyat yakunlari boʻyicha jiddiy choralar koʻrildi. Xususan, prudensial normativlar hamda amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilmagan, shuningdek, oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida turli qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan 8 ta tijorat bankiga nisbatan jarima sanksiyalari qoʻllanilgani maʼlum qilindi.
Hisobot davrida qoʻmita jami 8 marotaba yigʻilish oʻtkazib, 37 ta dolzarb masalasini atroflicha koʻrib chiqqan va tegishli qarorlar qabul qilgan. Mazkur masalalarning salmoqli qismi, aniqrogʻi 21 tasi roʻyxatga olish hamda ruxsat berish tartib-qoidalariga toʻgʻri keladi. Jumladan, yigʻilishlarda kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, mikromoliya tashkilotlarini hisob roʻyxatiga olish, shuningdek, akkreditatsiya va toʻlov tashkilotlariga litsenziya berish kabi masalalar muhokama qilingan.
Shuningdek, yigʻilishlarda kredit tashkilotlari ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish masalalari ham koʻrib chiqilgan. Shu bilan birga, banklar kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarning nomzodlari atroflicha oʻrganilib, ularning lavozimlariga nomzodlar maʼqullangan yoki rad etilgan.
Qoʻmita tomonidan kredit va toʻlov tashkilotlarining joriy moliyaviy holatiga bagʻishlangan yana 16 ta masala muhokama qilingan. Bu masalalar Markaziy bankning koʻrsatmalari va belgilangan prudensial meʼyorlarga rioya etilishi, shuningdek, bank va nobank kredit tashkilotlarida oʻtkazilgan inspeksiya tekshiruvlari natijalarini qamrab olgani taʼkidlandi.
Bundan tashqari, moliyaviy xizmatlarni «tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida sinovdan oʻtkazish masalalari ham koʻrib chiqilgan. Biroq, qonunbuzarliklar uchun jarimaga tortilgan banklarning aniq nomlari va ularga qoʻllanilgan jarima miqdorlari hozircha ochiqlanmagan.
Source: kun.uz