Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan respublikaning bir nechta hududlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunbuzarlik holatlari mavjudligini ko‘rsatdi. Xususan, Andijon, Farg‘ona, Jizzax, Namangan, Navoiy va Samarqand viloyatlarida o‘tkazilgan tender savdolarida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning talablari buzilganligi ma'lum bo‘ldi. Ushbu qoidabuzarliklar asosan yo‘l xo‘jaligi, tibbiyot muassasalari hamda ta'lim maskanlari uchun ajratilgan mablag‘larni sarflash jarayonida aniqlangan.
Xususan, Andijon viloyatida Oltinko‘l tumani obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan xaridlar yuzasidan 300 million so‘mlik qoidabuzarlik qayd etilgan bo‘lsa, Farg‘ona viloyatida “Farg‘ona tuman yo‘l xo‘jaligi” davlat muassasasining yettita obyektiga doir 2,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ masalasida shubhali holatlar aniqlangan. Shuningdek, Jizzax viloyatida eshitishda nuqsoni bor bolalar uchun mo‘ljallangan 2-sonli maxsus maktab-internatining 1,4 milliard so‘mlik xaridlari ham tekshiruvdan chetda qolmagan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Chust tuman tibbiyot birlashmasi, Xatirchi tuman davlat o‘rmon xo‘jaligi, shuningdek, “O‘zyo‘lquprik klaster” filiali va “Ozodlik” davlat muassasasi faoliyatida ham millionlab so‘mlik qoidabuzarliklar fosh etildi. Mutasaddi idoralar tahlillariga ko‘ra, ushbu holatlarning barchasi savdolarda raqobatni cheklovchi yoki cheklashi mumkin bo‘lgan harakatlarni taqiqlovchi qonun normalarining buzilishiga borib taqaladi.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan tegishli ishlar qo‘zg‘atilib, ayrim holatlarda moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilgani ma'lum qilindi. Huquqiy baho berish uchun to‘plangan materiallar vakolatli organlarga yo‘llangan. Shuningdek, kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida qonunbuzar tashkilotlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Source: podrobno.uz