Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida joriy yilning 9-oktabr kuni mudhish yo'l-transport hodisasi qayd etildi. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, tumandagi Mirkan mahallasida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi skuter Cobalt rusumli avtomashina bilan to'qnashib ketgan.

Ushbu fojialito'qnashuv oqibatida skuterda bo'lgan 57 yoshli S.A. ismli ayol va uning ikki yoshli nabirasi X.H. voqea joyida og'ir tan jarohatlari olib, hayotdan ko'z yumishgan. Skuterni boshqarib ketgan erkak esa og'ir tan jarohatlari bilan mahalliy shifoxonaning jonlantirish bo'limiga yotqizilgan bo'lib, uning ahvoli hamon o'ta og'ir ekanligi aytilmoqda.

Buvi va uning kenja nabirasining bevaqt vafot etgani haqidagi xabar mahalliy aholi va Mirkan mahallasi jamoatchilik guruhlarida chuqur qayg'u bilan qarshi olindi. Hozirgi vaqtga qadar Samarqand viloyati YHXB mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh yoki batafsil axborot taqdim etgani yo'q.

Ta'kidlash joizki, so'nggi vaqtlarda mamlakatimizda moped va skuterlar ishtirokidagi yo'l-transport hodisalari keskin ko'payib ketgani jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, joriy yilning dastlabki to'qqiz oyi davomida respublika bo'ylab shunday transport vositalari ishtirokida 563 ta YTH sodir bo'lib, buning oqibatida 89 nafar fuqaro halok bo'lgan va yana 488 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Source: kun.uz