Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Poytaxtning Farg‘ona yo‘li ko‘chasining olti kilometrlik qismida jamoat transporti uchun ajratilgan alohida yo‘laklarga shaxsiy avtomobillarning noqonuniy chiqishini qayd etuvchi maxsus kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Ushbu tizim har ikki yo‘nalish bo‘ylab harakat xavfsizligi va qoidalariga rioya etilishini nazorat qiladi.

Yo‘l harakatini tashkil etish markazining ma’lum qilishicha, bunday texnik vositalar Toshkentning boshqa markaziy ko‘chalaridagi maxsus yo‘laklarga ham bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda. Yangi chora-tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — jamoat transportining to‘siqlarsiz qatnovini kafolatlash, tirbandliklar chog‘ida avtobuslarning jadvaldan kechikishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda yo‘lovchilar tashish sifatini oshirishdan iborat.

Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq, “A” harfi bilan belgilangan maxsus polosalar orqali soat 06:00 dan 23:00 ga qadar ruxsatsiz transport vositalarining harakatlanishi qat’iyan taqiqlanadi. Noqonuniy ravishda ushbu yo‘lakka chiqib olgan yengil avtomobillar avtobuslarning erkin harakatlanishiga xalaqit berib, yo‘lovchilarning vaqtini yo‘qotishiga sabab bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur Farg‘ona yo‘li bo‘ylab avvalroq “Yashil to‘lqin” tizimi ham ishga tushirilgan edi. O‘shanda soha mutaxassislari Qo‘yliq ko‘prigi yaqinidagi “Qo‘yliq ota” maqbarasidan to “O‘zBUM”gacha bo‘lgan 6 kilometrlik masofada joylashgan 13 ta svetofor obyektining o‘zaro uyg‘un ishlashini ta’minlagan edilar.

Source: podrobno.uz