Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari va «Tashkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamkorligida yirik huquq-tartibot tadbiri amalga oshirildi. O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida xorijdan yurtimizga kuchli ta'sir qiluvchi moddalarni noqonuniy yo‘l bilan olib kirishga bo‘lgan navbatdagi urinishning oldi olindi.

Xususan, Toshkent shahridagi kurerlik kompaniyalaridan birining ofisida Xitoy Xalq Respublikasidan yuborilgan shubhali posilkani qabul qilib olayotgan vaqtda 1995 va 1997-yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro qo‘lga olindi. Dastlabki tekshiruvlar vaqtida ular ushbu jo‘natmaning asl mazmunidan xabardor ekanliklari aniqlangan.

Posilka xolislar ishtirokida rasman ochib tekshirilganda, uning ichidan umumiy og‘irligi 24 kilogramm 974 grammni tashkil etuvchi «Pregabalin» nomli kuchli ta'sir qiluvchi modda borligi ma'lum bo‘ldi. Mutaxassislarning fikricha, bunday hajmdagi dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishi jamiyat uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin edi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi (Kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Source: uznews.uz