Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekistonda aholi uchun kommunal toʻlovlar yuki yana ortishi kutilmoqda. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi hukumat qarori loyihasiga koʻra, 2026-yilning 1-noyabridan boshlab respublika boʻylab issiqlik taʼminoti va issiq suv tariflarini keskin oshirish rejalashtirilmoqda. Hozirgi vaqtda ushbu hujjat jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan boʻlib, aholining noroziligiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan ushbu tashabbus muhokama bosqichidan oʻtmoqda.

Rasmiy idoralarning taʼkidlashicha, narxlarning bu tarzda muntazam ravishda oshib borishi Oʻzbekiston prezidentining 2025-yil 11-martdagi 100-sonli qarorida belgilangan talablarga asoslanadi. Mazkur hujjatga muvofiq, 2030-yilga qadar issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun aholiga qoʻllanadigan imtiyozli pasaytirilgan tariflarni bosqichma-bosqich toʻliq tannarx darajasiga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Bu esa kelgusida ham kommunal toʻlovlar oshishida davom etishidan dalolat beradi.

Taqdim etilgan loyihaga koʻra, poytaxt Toshkent shahrida barcha turdagi issiqlik va issiq suv xizmatlari narxi darhol 30 foizga qimmatlashishi kutilmoqda. Xususan, issiqlik energiyasining 1 Gkal qiymati 203 636 soʻmni tashkil etib, amaldagi 156 643 soʻmlik narxdan sezilarli darajada oshadi. Shuningdek, isitish tizimi uchun 1 kvadrat metr maydonga kuniga 314 soʻmdan toʻlash belgilanishi koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, issiq suv taʼminoti narxlari ham aholi choʻntagiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi muqarrar. Hisoblagich mavjud boʻlgan xonadonlar uchun 1 kub metr issiq suv qiymati 11 607 soʻmga yetkazilsa, hisoblagichi boʻlmagan fuqarolar uchun esa oyiga har bir kishiga 45 330 soʻm miqdorida toʻlov belgilash taklif etilmoqda. Toshkent shahrida mazkur tariflar oxirgi marta 2025-yilning noyabr oyida oshirilgan boʻlib, oradan bir yil oʻtib yana qimmatlashuvi ijtimoiy tarmoqlarda va aholi orasida keskin muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Source: kun.uz