O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etiladigan zo‘ravonlik harakatlari uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim qonunni imzoladi. Mazkur qonun qabul qilingani haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.
Qabul qilingan yangi qonun amaldagi qonunchilik tizimida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirib, bir vaqtning o‘zida 5 ta kodeks va 6 ta amaldagi qonunga tegishli o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Ushbu yangiliklar orqali voyaga yetmaganlarning huquqlari, hayoti va sog‘lig‘i himoyasini kafolatlovchi qat’iy mexanizmlar joriy etilmoqda.
Kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi berilishi belgilandi. Shu bilan birga, bolalarga qarshi sodir etilgan eng og‘ir jinoyatlar uchun da’vo muddati qo‘llanilmasligi qonun darajasida mustahkamlandi, bu esa bunday jinoyatchilar qancha vaqt o‘tishidan qat’i nazar javobgarlikdan qutulib qololmasligini anglatadi.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva mazkur qonun bo‘yicha o‘z munosabatini bildirib: «Bolaga zarar va og‘riq yetkazgan har bir kishi — ta’lim muassasalari xodimlaridan tortib zo‘ravonlik qilgan yaqinlarigacha javobgarlikka tortiladi. Bolaning o‘limiga sabab bo‘ladigan har qanday jinoyat uchun hech qanday yengillik bo‘lmaydi. Bolaning xavfsizligi sharoitga bog‘liq bo‘lishi mumkin emas. Bolalarning hayoti, sog‘lig‘i va qadr-qimmatiga tajovuz qilgan har bir shaxs qat’iy jazodan qochib qutula olmasligini bilishi kerak», — deb ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, ushbu qonun loyihasi joriy yilning 28-sentabrida parlament quyi palatasiga kiritilgan va 2-dekabr kuni Oliy Majlis Senati tomonidan bir ovozdan ma’qullangan edi. Hujjat nafaqat jazolarni kuchaytirishni, balki voyaga yetmaganlar uchun yangi protsessual kafolatlarni taqdim etishni hamda ilgari zo‘ravonlik uchun sudlangan shaxslarning bolalar bilan ishlashini to‘liq taqiqlashni ham o‘z ichiga oladi.
Source: uznews.uz