Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda fuqarolarning bank kartalaridan pul o‘g‘irlash va ularning nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirish bilan shug‘ullangan yirik jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma'lumotlariga ko‘ra, mazkur noqonuniy tarmoq faoliyati natijasida yetkazilgan umumiy zarar miqdori 8 million dollarni tashkil etgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining aniqlashicha, poytaxtning Mirobod tumanida maxsus yashirin yirik koll-sentr tashkil etilgan. Ushbu jinoiy guruhga ilgari sudlangan Toshkent viloyati istiqomat qiluvchisi rahbarlik qilgani aniqlangan. Shuningdek, guruh tarkibida yirik bank bosh ofisining kiberxavfsizlik bo‘limi xodimi ham borligi fosh etilgan.

Firibgarlar fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini bank xodimi sifatida tanishtirgan va noma'lum shaxslar ularning nomiga kredit olmoqchi ekanligini iddao qilgan. Shu bahona bilan jabrlanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlari qo‘lga kiritilib, mablag‘lar talon-toroj qilingan va onlayn qarzlar rasmiylashtirilgan.

O‘g‘irlangan mablag‘larning izini yo‘qotish maqsadida jinoyatchilar pullarni kriptovalyutaga aylantirib, soxta MCHJ orqali chet elga o‘tkazib yuborgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Source: podrobno.uz